O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 8 iyundagi “XII Xalqaro o`zbek paxta va to`qimachilik yarmarkasini tashkil etish va o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra joriy yilning 12-13 oktyabr kunlari Toshkent shahrida XII Xalqaro o`zbek paxta va to`qimachilik yarmarkasi bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mazkur xalqaro tadbirni tashkil etishda mamlakatimiz bilan Xalqaro paxta assosiasiyasi, Paxta bo`yicha xalqaro konsultativ qo`mita, “Cotton Outlook” xalqaro agentligi va Xalqaro to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federasiyasi singari xalqaro tashkilotlar doimiy hamkorlik qilib kelayotir.
Bu yilgi yarmarka “O`zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Tovar-xomashyo birjasi, “Sifat” markazi va boshqa tuzilmalar tomonidan o`tkaziladi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2005 yilda ilk marta tashkil etilgan yarmarka dunyo paxta va to`qimachilik sanoati mutaxassislari, olimlar, engil sanoatning yirik korxonalari va savdo kompaniyalari vakillari kutadigan nufuzli forumlardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining birinchi yarmarka ishtirokchilariga yo`llagan tabrigida shunday deyilgan edi: “Ishonchim komilki, mazkur yarmarka o`zbek paxtasini eksport qilish borasida O`zbekistonning va hamkorlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan yangi, samarali vositalarni rivojlantirishga, istiqbolda yanada ishonchli, barqaror iqtisodiy munosabatlar o`rnatish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qiladi”.
Shu paytgacha bo`lib o`tgan yarmarkalar tarixiga nazar tashlasak, bu rejalarning barchasiga erishilgani ayon bo`ladi. Yarmarka jahondagi etakchi ishlab chiqaruvchilarni jalb qilmoqda. Paxta tolasi va to`qimachilik mahsulotlarini sotish bo`yicha bozor mexanizmlarini yanada rivojlantirish, O`zbekiston ishlab chiqaruvchilari hamda ularning xorijlik hamkorlari o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
XII Xalqaro o`zbek paxta va to`qimachilik yarmarkasining asosiy tadbirlari “O`zekspomarkaz”ning ko`rgazmalar zalida o`tkaziladi. Yarmarka doirasidagi konferensiyalar hamda muloqotlarda jahon paxta va to`qimachilik bozorining etakchi vakillari tomonidan O`zbekiston va dunyoda paxta tolasi ishlab chiqarish, savdo va investision hamkorlikni kengaytirish kabi ko`plab masalalar muhokama qilinishi va o`zaro manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Birinchi yarmarkaga jahonning 30 davlatidan 170 kompaniya va firma vakillari tashrif buyurgan bo`lsa, bu yil 45 dan ortiq mamlakatning ikki mingga yaqin vakili kelishi kutilmoqda.
O`zbekiston xalqaro bozorda nafaqat yuqori sifatli sanoatbop paxta tolasi etishtiruvchi mamlakat, balki uni kafolatli etkazib beruvchi ishonchli hamkor sifatida ham tanilgan. “O`zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasidan ma`lum qilishlaricha, tizimdagi paxta tozalash korxonalari izchil modernizasiya qilinmoqda, ishlab chiqarishga innovasion ishlanmalar keng tatbiq etilmoqda. Bunda paxta xomashyosini qabul qilishdan boshlab, uni qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo`lgan barcha jarayonda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari asosida elektron hisobot va nazorat tizimini yaratish va joriy qilishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bir qator paxta tozalash zavodlarida modernizasiyalash loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi, bu, o`z navbatida, ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirish, tola sifatini yanada yaxshilash imkonini berdi.
Zaminimizda etishtirilgan xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo`shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish tizimda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo`nalishlaridan biridir. Shu maqsadda sohaga chet el investisiyalari jalb etilib, har yili ko`plab zamonaviy korxonalar barpo qilinmoqda. Ayni paytda O`zbekiston etishtirilgan paxtaning 44 foizini qayta ishlash quvvatlariga ega.
Hozir ko`plab engil sanoat korxonalari “O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida birlashgan. Ularda ishlab chiqarilayotgan turfa xildagi tayyor kiyim-kechaklar “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig`i bilan dunyoning 45 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda. Bu jarayonda Xalqaro o`zbek paxta va to`qimachilik yarmarkasi muhim bozor vazifasini o`tayotir. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida 2015-2020 yillarda modernizasiya ishlarini bajarish uchun 1 milliard dollar mablag` ajratilmoqda.
Jahonning to`qimachilik va engil sanoati taraqqiy etgan davlatlari vakillari 12-13 oktyabr kunlari Toshkentda yana jam bo`ladi. Xalqaro o`zbek paxta va to`qimachilik yarmarkasi paxta tolasini eksport qilishning bozor mexanizmlarini rivojlantirish, O`zbekiston ishlab chiqaruvchilari va xorijlik hamkorlar o`rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.