Kikboksing bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari AQShda bo`lib o`tgan jahon chempionatida bittadan oltin va bronza medalni qo`lga kiritdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni O`zbekiston havaskor va professional kikboksing assosiasiyasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e`tibor va g`amxo`rlik samarasida yosh avlod har tomonlama sog`lom va barkamol insonlar bo`lib voyaga etmoqda. Ular sport bilan muntazam shug`ullanib, xalqaro maydonlarda mamlakatimiz shon-shuhratini yanada oshirmoqda.
O`ttizdan ziyod davlatdan eng kuchli sportchilar ishtirokida o`tgan jahon chempionatida Ahmat Alimbekov vazni 86 kilogrammgacha bo`lgan sportchilar bellashuvida barcha raqibini mag`lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. 75 kilogrammgacha sportchilar bahsida Fazliddin Vahobov bronza medal bilan taqdirlandi.





