Jonli efirda intervyu berayotganda Erdo`g`onning sog`lig`i yomonlashdi (video)

Dunyo 26.04.2023, 10:59
Jonli efirda intervyu berayotganda Erdo`g`onning sog`lig`i yomonlashdi (video)

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`on Kanal 7 va Ulker telekanallari jurnalistlarining 14 may kuni bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovi bilan bog`liq savollariga jonli efirda javob berayotganida o`zini yomon his qildi. Efir boshlanganidan bir necha daqiqa o`tib, birdan 20 daqiqaga to`xtatildi.

Erdo`g`onga savol bergan kishi birdan “reklama” deb o`rnidan turmoqchi bo`ldi. Efir to`xtatilishidan bir necha soniya oldin ekranda “voy!” degan ovoz aks etdi va kameralar Erdo`g`onni ko`rsatmasdan reklama roligi efirga uzatildi.

Translyasiya qayta tiklanganidan keyin Prezident jurnalistlarga oshqozoni qattiq shamollaganini aytdi.

“Kecha va bugun saylovoldi ishlari qizg`in kechdi. Shunday qilib, men oshqozon grippiga duchor bo`ldim. Men hatto dasturni bekor qilish haqida o`yladim. Lekin biz va`da bergan edik va keldik. Biz ham vaqti-vaqti bilan shunday muammolarga duch kelamiz, siz va tomoshabinlarimizdan uzr so`rayman”, degan Erdo`g`on.

Ko`rsatuv qayta tiklanganidan so`ng jurnalistlar Prezidentga bittadan savol berdi, shundan so`ng efir tugadi. Keyinroq Turkiya vise-prezidenti Fuat O`qtay o`zining Twitter'dagi sahifasida Erdo`g`onning sog`lig`i juda yaxshi ekaniga ishontirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1