Joriy yilning 5 may kuni Adliya vazirligining navbatdagi hay`at majlisi bo`lib o`tdi. Unda, adliya organlari va muassasalari tomonidan 2023 yil 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar natijasi muhokama qilindi. Hay`at majlisi videkonferensaloqa shaklida o`tkazilib, unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va mas`ul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tashabbusi bilan 34 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. 351 ta qonunchilik hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan, 37 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar esa davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Hisobot davrida 31,6 ming ta murojaat kelib tushdi. Ularning 25 mingtasi, ya`ni 79 foizi qonuniy hal qilindi.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo`yicha 6269 ta taqdimnoma kiritildi, 2 282 nafar shaxslar ma`muriy, 2 648 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 98 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Sudlarga 142,2 mlrd. so`mlik 5 819 ta da`volar (arizalar) kiritilib, 121,1 mlrd. so`mlik da`volar (arizalar) qanoatlantirildi.
Shuningdek, Davlat xizmatlarini ko`rsatish markazlari tomonidan 3,2 mln. dan ortiq davlat xizmatlari ko`rsatildi.
Shuningdek, joriy yilning 1-chorak yakunlari bo`yicha hududiy adliya organlari faoliyatining samaradorligi baholanib, baholash natijalariga ko`ra Buxoro va Andijon viloyat adliya boshqarmalari yuqori samaradorlik ko`rsatkichlarni qayd etdi. Majlis davomida amalga oshirilgan ishlar va kamchiliklar muhokama qilinib, Surxondaryo va Farg`ona viloyat adliya boshqarmalari boshliqlarining 1-chorak davomida yo`l qo`yilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish bo`yicha ham izohlari eshitildi.
Tadbir so`nggida vazirlik oldida turgan vazifalarni to`g`ri va samarali amalga oshirish, sohalar bo`yicha ish faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi.






