AsosiyJamiyat

"IIB xodimlarini haqorat qilgan, keyin qochgan va do`konga berkinib olgan". Andijonda jarohatlanib, shifoxonaga tushgan fuqaro bo`yicha ma`lumot berildi

'"IIB xodimlarini haqorat qilgan, keyin qochgan va do`konga berkinib olgan". Andijonda jarohatlanib, shifoxonaga tushgan fuqaro bo`yicha ma`lumot berildi'ning rasmi

Andijonda IIB xodimlari bilan tortishuvga borgan fuqaro jarohatlanib, shifoxonaga tushdi. Holat yuzasidan viloyat IIB matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi. 

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 22 aprel kuni soat taxminan 19.00larda Asaka tumani IIB profilaktika inspektori leytenant F.Abdulxakimov Asaka shahar Boburshox ko`chasidagi chorrahada Tez tibbiy yordam mashinasiga yo`l bermasdan harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtomashinani to`xtatib, qoidabuzarlikni rasmiylashtirayotgan vaqtida, avtomashinada yo`lovchi sifatida ketayotgan, mast holatda bo`lgan 1988 y.t. fuqaro G`.A. xodimni harakatlariga keskin qarshilik ko`rsatib, uni uyatli so`zlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzgan.

Profilaktika inspektorining chaqiruviga asosan voqea joyiga etib kelgan Post-patrul xizmati xodimlari tomonidan jamoat tartibini buzayotgan G`.A.ni Ichki ishlar bo`limiga etkazish vaqtida, u xodimlaridan qochishga urinib, shu ko`chada joylashgan “Sovg`alar” nomli do`konga kirib, do`kon ichkari xonasidagi eshikni ortidan tirab olishga harakat qilgan. Shu vaqtda eshik oynasi sinib, G`.A.ning boshi va chap qo`lining bilak qismi kesilib ketgan.

Ortidan etib kelgan xodimlar tomonidan fuqaro G`.A. shifoxonaga etkazilib, unga “Chap qo`l bilak yuqori uchligi tirsak bo`g`imi ichki iza sohasi 14x5 sm kesilishi oqibatida muskul, poy, qon-tomir va nerv shikastlanishi, bosh qismi chap tomon chakka sohasini kesilgan jarohati, kuchli mastlik holati” tashxisi qo`yilgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.  

 

    Boshqa yangiliklar