Feruza Sobitova turmush o`rtog`ining sharti, chillaxonadagi duo hamda o`g`ilchasining «yaxshi» va «yomon» onasi haqida

Shou-biznes 08.10.2016, 10:44
Teglar: Shou-biznes, Aktrisa, Film, Bola
Feruza Sobitova turmush o`rtog`ining sharti, chillaxonadagi duo hamda o`g`ilchasining «yaxshi» va «yomon» onasi haqida

Bu aktrisani kichik va salbiy rollar bilan tanilganlar qatoriga bemalol qo`shish mumkin. Hayotda esa Feruza Sobitova — samimiy, ochiqko`ngil,  mehribon inson. 

— Bo`sh vaqtingizni topish juda qiyin. Ketma-ket suratga tushayapsiz, shekilli?  

— Ha, ish qizigandan qiziyapti. Ayni kunlarda detektiv janrida suratga olinayotgan «Oila sha`ni» nomli ko`p qismli serialda suratga tushayapman. Serial bo`lgan voqea asosida tasvirga olinayapti. Ijro etayotgan bosh qahramonim bilan bog`liq psixologik sahnalar juda ko`p. Aytmoqchimanki, ilk bor bunday xarakaterli obazga qo`l urdim. Rejissyor Akmal Ibragimov bilan har bir kadr ustida izlanib, hamkorlik qilayapmiz. 

— Bunday tig`iz ish tartibi bilan san`atga qo`ygan ilk qadamlaringizni eslamasangiz ham kerak... 

— Bilasizmi, bugungi kunimni orzu qilardim. Har bir duo va niyatlarimda qobiliyatimni ko`rsatish uchun yaxshi rollar uchrasin, men ham mashhur bo`lay, derdim. Xalqqa tanilganimda, sevimli aktrisa sifatida mendan ham jurnalistlar intervyu so`rab, holu jonimga qo`yishmasin, deganman, hatto (kuladi). Lekin hech qachon va hech kimga g`ururimdan kechib, menga rol beringlar, e`tibor qaratinglar, deb iltimos qilmaganman. Qalbimning tub tubida hali davrim keladi, degan sezgi bo`lgan-da. Ming shukr, shu kunlarga etkazdi. Shuning uchun o`tgan kunimning ham, bugunimning ham qadriga etadigan insonman.

— Klip orqali tanilgan aktrisa, degan ta`rifni tan olasizmi?

— Shohrux reperning «Bolalik» klipi orqali mashhur bo`lganman. Ammo bu klipgacha uchta katta film: «Sohibqiron Amir Temur», «Suratdagi sir», «Qaydasan muhabbat?» kartinalarida qatnashgandim. O`sha rollarim ham e`tiborsiz qolmagan. Lekin, nimagadir omad menga klip tufayli kulib boqqan.  

— Salbiy qahramonlaringiz ham e`tiborga tushgan.

—  Ko`pgina hamkasblarim salbiy obrazlarni gavdalantirishdan biroz cho`chib turgan bir paytda, men klipda zolim ona roli bo`lib  chiqqanman. Shunday keyin ketma-ket faqat ana shunday rollarga taklif etishdi. Bitta ampluaga tushib qolmaslik uchun orada biroz tanaffus qildim. Nafaqat salbiy, balki ijobiy qahramonlarni ham ijro eta olishimni isbotlagim kelgandi-da. Zamira Begimqulova va Zebo Navro`zovalarning sharofati bilan yaxshi insonlarni ham ijro eta olishimni ko`rsatib berdim. Bu rejissyorlar meni ayol sifatida to`g`ri tushunib, yuragimdagi dardni ko`ra olishdi. 

— Atrofdagilarning munosabati-chi, sizni cho`chitmaydimi? 

— San`atni chin ma`noda tushungan, aktyorlik kasbim shunday   ekanini bilganlar ishimni a`lo darajada baholashadi. Lekin biroz soddaroq tamoshabinlar «Nega hadeb bunday rollarni ijro etaverasiz?» deb tanqid qilishadi. Men esa har qanday fikrni hurmat bilan qabul qilaman. 

— Ayniqsa, «Opa-singillar» serialidagi ishtirokingiz ijodingiz hamda hayotingizda katta burilish yasadi, shundaymi?

— Haqsiz! Aynan mana shu rol hokisor, jabrdiyda, mushtipar ayol bo`la olishimni ko`rsatib beradi. Yana shuni alohida ta`kidlab o`tishim kerakki, ilk ijobiy rolimdan keyin hayotimda ham ijobiy o`zgarishlar bo`lib o`tdi. To`qqiz yil befarzandlik alamini chekdim. Uzoq vaqt homilador bo`lolmaganman. Esimda, «Opa-singillar»ning tug`ruqxonada tasvirga olinadigan sahnasida Zamira opa «Feruza, bu er chillaxona, yaxshi niyatlar qilavering. Xudo etkazadi» deb ko`p aytardi. Ana o`sha erda qo`limga chaqaloqlarni olib, menga ham bir kuni o`z bolamni bag`rimga bosish nasib etsin, deb niyat qilardim. Ming bor shukr Alloh nolalarimni eshitib, menga o`g`il ato etdi. 

— Mashhurlik kech berilganda qadri bo`ladimi yoki yoshlikdagi shon-shuhratning gashti o`zgachami? Nima deb o`ylaysiz?

— Men yoshlikdagi mashhurlikning «maza»sini totimaganman. Ammo shuni aniq bilamanki, uzoq kutilgan mehnat samarasini his etishning hayajoni boshqacha ekan. Chunki yillar davomida kasbdagi muvaffaqiyatsizliklar, olgan zarbalarimning dardi og`ir berib kelardi. Omad kulib boqqach mashhurlikni his etish esa kishiga, ayniqsa ijodkorga rohat bag`ishlaydi. 

— Yaratayotgan obrazlaringiz ustida qanday ishlaysiz?

— Avvalambor har bir rolga mas`uliyat bilan yondashishga odatlanganman. Berilgan ssenariyning har bir so`zini o`qib yodlab chiqaman. Keyin kecha-kunduz o`sha rol bilan yashayman. O`zbekchada biroz qiynalib gapirganim sahnada bilinmasligi uchun oila a`zolarim bilan monologlarimni mashq qilaman. Qahramonimga xarakter berishda esa hayotiy tajribamdan kelib chiqaman.   

— O`g`lingiz ham siz suratga tushgan filmlarni tamosha qilib turadimi? Fikrlari bilan o`rtoqlashsa kerak?

— Imronxon bilan so`nggi marta «Oyqiz ertagi» filmini birga tomosha qildik. Bu kartinani ko`rgan o`g`lim menga ikkita nom qo`yib oldi. «Yaxshi» va «yomon» ona. Avval yaxshi ona bo`lib ko`rinib, keyin asl qiyofam namoyon bo`lganida «Oyi, yomon ona ketib, yaxshisi kelsin» degandi. 

— Intervyularingizda oilangiz haqida kam gapirasiz?

— Omma oldida turmush o`rtog`im haqida  gapirmasligimning o`ziga yarasha sababi bor. U kishi menga o`ziga xos shart qo`ygan. Ya`ni «Intervyularda men haqimda gapirmaysan» degan. Odamlarning e`tibor markazidagi shaxsga aylanitirib qo`yishimni istamaydi. Bolamning tarbiyasida esa onam bilan ko`p maslahatlashaman. Oilada besh farzandning to`ng`ichi o`zimman. Ikki yil avval ayrim sabablarga ko`ra singlim olamdan ko`z yumdi (sababini aytishni istamadi). Uchala ukam ham san`atdan yiroq odamlar.   

— Farzandingiz bilan vaqtingizni qanday o`tkazasiz?

— U mening to`qqiz yil zorlanib, har kecha yig`lab Allohdan tilab olgan baxtim. Hozir to`rt yoshga to`ldi. Bo`sh vaqt topdim deguncha birgalikda u yoqtirgan mashg`ulotlar bilan shug`ullanishga harakat qilamiz. Ishdaligimda enagasi qaraydi. Onam bilan gaplashganimda doim «Buxoroga yubor. Ishda bo`lganingda o`zim qarayman» deydi. Ochig`i, o`g`limdan uzoqlashsam ham o`zimni behuzur sezaman, shuning uchun ham bunga unamayapman. 

MUZAYYaNA suhbatlashdi.

Sharhlar

DXXning 30 yilligiga bag`ishlab telekanallarda yangi film namoyish etiladi

26.09.2021, 14:30

Avvalroq bugun DXX xodimlarining 30 yillik tantanasi ekani haqida xabar bergan edik. Kinomotografiya agentligining qayd etishicha, sana munosabati bilan yangi "Mustahkam" filmi ishlab chiqilgan. Ma`lumotga ko`ra, mazkur...
"Qalbi o`zbek rus shoiri" hujjatli filmi premera qilindi

16.09.2021, 10:26

Kuni kecha adiblar xiyobonida O`zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg haqidagi "Qalbi o`zbek rus shoiri" hujjatli filmi premera qilindi. Kinokartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal...
“Soddadil” filmining s`yomka jarayonlari boshlandi

16.08.2021, 17:46

Kinematografiya agentligi “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan “Debyut start-2021” kinofestivalida g`olib bo`lgan ssenariy loyihalari asosida “Soddadil” qisqa metrajli filmining s`yomka jarayonlari boshlandi.Bu haqda kinemotografiya agentligi axborot xizmati...
Gavhar Sharipovaga haydovchi shilqimlik qilganligi holati yuzasidan qo`shimcha bayonot berildi

20.11.2019, 14:21

“Aktrisaga shilqimlik qilingan, u esa yurib ketayotgan yuk mashinadan o`zini tashlagan” Qashqadaryo YHXB qo`shimcha bayonot berdi.2019 yil 18 dan 19 noyabrga o`tar kechasi soat 02:20...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1