AsosiyMadaniyat

Toshkentda O`zbekiston-Ozarbayjon munosabatlariga doir xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi

'Toshkentda O`zbekiston-Ozarbayjon munosabatlariga doir xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi'ning rasmi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va Turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi hamda Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash Davlat qo`mitasi ko`magida va ishtirokida xalqaro “O`zbekiston-Ozarbayjon davlatlarining rivojlanish tarixi, yangi davri va hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi.

Dastavval, Diaspora bilan ishlash Davlat qo`mitasi raisi Fuad Murodov boshchiligidagi delegasiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan tashkil etilgan Fuzuliy nomidagi Madaniyat va Tadqiqot markazi bilan tanishdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi raisi Rustambek Qurbonov universitet majlislar zalida bo`lib o`tgan konferensiyani ochib berar ekan, ikki mamlakat o`rtasidagi do`stlik, birodarlik haqida to`xtalib, ushbu munosabatlar mamlakat rahbariyati darajasida yuksak qadrlanishini ta`kidlab, mavjud aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishda ikki mamlakat va diasporalarning davlat tuzilmalarini qo`llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Shundan so`ng, Diaspora bilan ishlash Davlat qo`mitasi raisi Fuad Murodov so`zga chiqib, Ozarbayjon va O`zbekiston o`rtasidagi do`stlik abadiy ekaniga urg`u qaratib, bu abadiy hamkorlikning tamal toshini Umummilliy Lider Haydar Aliev o`rnatganini bildirdi.

Haydar Aliev mustaqil Ozarbayjonning asoschisi ekanligini ta`kidlagan Fuad Murodov Umummilliy Lider Ozarbayjon madaniyati, tili, tarixi, milliy va ma`naviy qadriyatlari himoyachisi ekanligini aytdi.

Fuad Murodov ikki qardosh davlat o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda diasporalar va ushbu sohaga mas`ul davlat tashkilotlarining ahamiyati haqida gapirar ekan, kelajakda bu borada muhim qadamlar qo`yish zarurligini qayd etdi.

O`zbekistondagi Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov tarixi uzoq asrlarga tutashuvchi ozarbayhon hamda o`zbek xalqlari o`rtasidagi do`stlik, qardoshlik munosabatlarining eng go`zal namunalari sifatida liderlarimiz Haydar Aliev va Sharof Rashidov, Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi ko`plab adiblarimiz tomonidan yaratilgan do`stlik aloqalarini urg`uladi.

Tarixiy sinovlardan muvaffaqiyatli o`tgan Ozarbayjon-O`zbekiston do`stligi Vatan muhorabasi yillarida qardosh o`zbek xalqining, O`zbekiston davlatining Ozarbayjon bilan bir safda bo`lganini ta`kidlagan Samir Abbasov Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievni buyuk tarixiy g`alaba bilan tabriklagan mamlakat rahbarlaridan biri ekanligini so`zladi. U davlat rahbarlarimizning sa`y-harakatlari natijasida davlatlarimiz strategik ittifoqchilarga aylanganiga urg`u qaratdi.

O`zbekistondagi Ozarbayjon diaspora tashkiloti raisi Mobil Mammedov, O`zbekiston-Ozarbayjon Do`stlik Jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinov kabi ma`ruzachilar O`zbekistonda istiqomat qilayotgan millat vakillari, jumladan, yurtdoshlarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilganini bildirib, bu erda istiqomat qilayotgan ozarbayjonlar O`zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotganiga e`tibor qaratdi.

AMEA (Ozarbayjon Milliy Ilmlar Markazi) Tarix instituti ijrochi direktori, dosent Ilg`or Niftaliev, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, professor Boboxon Sharif, O`zbekiston Ma`naviyat va ma`rifat markazi eksperti, professor Jamila Shermuhammedova, Davlat qo`mitasi eksperti, falsafa fanlari doktori Ismoil Xo`jaxonov, O`zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti dosenti Tohir Qahhor va Toshkent Davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti dosenti Gulbahor Ashurova o`z chiqishlarida O`zbekiston-Ozarbayjon do`stlik, qardoshlik munosabatlari tarixi, uning istiqbollari haqida gapirar ekan, qardosh davlatlar o`rtasidagi turli sohalardagi hamkorlik va munosabatlarni rivojlantirish muhimligini qayd etishdi.

    Boshqa yangiliklar