O`zbekistonda 21yoshga to`lmagan fuqarolarga tamaki va alkogol mahsulotlarini sotishni rasman taqiqlashni ko`zda tutuvchi qonun qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
Yangi tartibga ko`ra, alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste`mol qilish moslamalarining 21 yoshga to`lmagan shaxslarga sotish va ushbu shaxslar tomonidan realizasiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilish jarayoniga ushbu shaxslarni jalb etish taqiqlandi. Xo`sh, nega aynan 21 yosh etib belgilandi, bu borada xalqaro tajriba o`rganildimi? Darakchi.uz Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova bilan suhbatlashib, shu kabi savollarga javob oldi.
Nega 20 yoshdan 21 yoshga o`tildi?
– “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida” qonun Prezidentimiz tomonidan imzolandi. Qonunga ko`ra, alkogol va tamaki mahsulotlatrini realizasiya qilish, sotish va sotib olish jarayonida taqiqlar belgilandi. Shulardan biri yoshga nisbatan ko`rsatilgan taqiq. Ya`ni amaldagi qonunda alkogol va tamaki mahsulotlari 20 yoshga to`lmaganlarga sotish taqiqlangan bo`lsa, yangi tartib bilan 21 yosh etib belgilandi. Nega aynan 21 yosh? Ilmiy tarafdan qaraganda, inson miyasi 25 yoshga borib to`liq rivojlanadi. Shu yoshda o`zi chiqargan qarorlarga o`zi javob bera oladiggan bo`ladi. Qolaversa, ilmiy tekshiruvlarda tasdiqlanganki, 21 yoshgacha alkogol va tamaki mahsulotlariga qaramlik, undan keyingi yoshdagi qaramlikdan bir necha bor yuqori bo`ladi. Tamaki va alkogol mahsulotlaridan o`lim ko`rsatkichi ham xuddi shunday. Shulardan kelib chiqqan holda yangi qonunda 21 yosh etib belgilandi.
Xorijiy tajriba o`rganildimi?
– Mazkur qonunni ishlab chiqish jarayonida xorijiy tajriba ham o`rganildi. Masalan AQSh va Qozog`istonda 21 yoshga to`lmaganlarga tamaki va alkogol sotish taqiqlangan. Turkmaniston va Indoneziyda 21 yoshga to`lmaganlarga faqat alkogol sotish taqiqlangan. Biz ana shu xorijiy tajribalarni o`rganib, 21 yosh etib belgiladik.
Xulosa o`rnida nima deya olasiz?
– Yoshlarimiz nafaqat 21 yoshdan keyin, balki umuman tamaki chekishmasin, alkogol ichishmasin. Bizni hozirgi maqsadimiz, 2030 yiga borib tamakisiz hayotga etishimiz kerak. Bolalarimizni bu illatdan saqlaylik.
Karim ZARIPOV