1

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Jamiyat 12.10.2016, 09:18
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo`jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 11 oktyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi, deya xabar beradi O`zA. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz janubiy hududining ulkan iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish bo`yicha boshlangan keng ko`lamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o`zgarib, aholining hayot darajasi yuksalmoqda. 

Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga safarini Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti ushbu vohaga tashrifini odatda mazkur muqaddas qadamjoni ziyorat qilishdan boshlar edi. Islom Karimov tashabbusi bilan buyuk alloma abadiy qo`nim topgan ushbu maskanda keng ko`lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, ziyoratchilar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan. 

Shundan so`ng Shavkat Mirziyoev bojxona terminali ham bo`lgan «Termez Cargo Sentre» xalqaro logistika markazi va bu erda tashkil etilgan avtokemping faoliyati bilan tanishdi. 

Katta miqdordagi yuklarga ishlov berish va ularni tushirish-ortish ishlari amalga oshiriladigan mazkur korxona hududida bojxona terminali binosi, 300 katta yuk mashinalariga mo`ljallangan joy, avtomobillarga yoqilg`i quyish stansiyasi, konteyner va boshqa yuklarni saqlash omborlari joylashgan, bu erga temir yo`l liniyasi olib kirilgan. 

Markazga tashrif buyuradiganlarning dam olishi uchun mazkur hududda barcha sharoit yaratilgan. Zamonaviy mehmonxona, restoran, suzish havzasi, fitnes-markaz, mini-market faoliyat ko`rsatmoqda. 

Bunday majmualarning barpo etilishi tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash, xorijiy davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmini yuksaltirish, mamlakatimiz tranzit salohiyatini oshirish imkonini berishi ta`kidlandi. 

Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birida bo`lib, davlatimiz sarhadlarini yanada mustahkamlash, harbiy xizmatchilar uchun sharoitlarni bundanda yaxshilash zarurligini qayd etdi. 

Mutaxassislar Termiz shahri mavzelaridan birida kam ta`minlangan va yosh oilalar uchun yaqin yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan ko`p qavatli zamonaviy uylar loyihalari bilan tanishtirdi. 

Qishloq joylarda kam ta`minlangan oilalar uchun mo`ljallangan yakka tartibdagi zamonaviy, ixcham uy-joylar loyihalari ham ko`rib chiqildi. 

Bu ob`ektlarning barchasi sifatli va o`z vaqtida qurilib, foydalanishga topshirilishi lozimligi ta`kidlandi. 

Shavkat Mirziyoev qurilishi davom etayotgan «Amudaryo sohili» sport-sog`lomlashtirish majmuasi ob`ektlarini ham ko`zdan kechirdi. 21 gektar maydonni egallagan ushbu hududda 50 dan ziyod ob`ekt quriladi. Jumladan, 200 o`ringa mo`ljallangan va yil davomida faoliyat ko`rsatadigan bolalar sog`lomlashtirish maskani bunyod etiladi. Majmua tarkibidan ochiq va yopiq suzish havzalari, sport inshootlari, turli to`garaklar uchun joylar, attraksionlar, sayilgohlar o`rin oladi. 

Mamlakatimiz Prezidenti vazifasini bajaruvchi Termiz tumanidagi qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan yangi «Gold dried fruits export» mas`uliyati cheklangan jamiyati korxonasida ham bo`ldi. Bu korxonani tashkil etishga 25 million AQSh dollari yo`naltirilgan. Meva-sabzavotlar saqlash, quritish, muzlatish va qadoqlashga mo`ljallangan mazkur korxona Xitoy, Belgiya, Turkiya va Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. 350 kishi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlari xalqimizga etkazib beriladi, shu bilan birga, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. 

Korxonaning «Gold agro fresh» agrofirmasi ko`chatlar parvarish qiladigan issiqxona xo`jaligiga va intensiv bog`lariga ega. 

Mazkur korxonalar faoliyati bilan tanishish davomida erlardan foydalanish samaradorligini oshirish, qayta ishlangan meva-sabzavotlarni eksport qilishni ko`paytirish zarurligi qayd etildi. 

Bu erda viloyatdagi fermer, dehqon va yordamchi xo`jaliklarda meva-sabzavotlar etishtirishni ko`paytirish, ularni moliyaviy resurslar va sifatli urug`lik bilan ta`minlash masalalari ham muhokama qilindi. 

Shavkat Mirziyoev Iso at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi. Musulmon olamida olti buyuk muhaddisdan biri sifatida mashhur bo`lgan ulug` ajdodimizning bebaho merosi bugungi kunda ham keng o`rganilayotgani ta`kidlandi. 

Shavkat Mirziyoev Sherobod tumanida yirik sement zavodi qurilishini borib ko`rdi. Qiymati 212,8 million AQSh dollari bo`lgan ushbu investisiya loyihasining amalga oshirilishi natijasida bu erda yiliga 1,5 million tonna sement ishlab chiqariladi. Shunisi e`tiborliki, korxona asosiy xomashyo bazasiga yaqin joyda barpo etilmoqda. Mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarga etkazib beriladigan mazkur zavodda mingdan ziyod ish o`rni yaratiladi. 

Shu erning o`zida viloyat markazida qurilishi rejalashtirilayotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi loyihasi muhokama qilindi. Bunday korxonalarni barcha shahar va tumanlarda barpo etish zarurligi ta`kidlandi. 

Viloyat faollari bilan uchrashuv O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan boshlandi. 

Yig`ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning eksport salohiyatini oshirish, istiqbolli yangi sanoat ob`ektlarini barpo etish, ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Shavkat Mirziyoev hukumat portalida ochilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlardan misollar keltirib, mutasaddilarga ushbu masalalarni vaqtida ko`rib chiqish va hal qilish bo`yicha aniq topshiriqlar berdi. 

Sherobod tumani misolida viloyatni istiqbolda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kompleks dasturi ko`rib chiqildi. 

Yig`ilishda uy-joy fondi va ijtimoiy soha muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi, viloyat sanoati va iqtisodiyotining boshqa sohalari uzluksiz ishlashini ta`minlash, paxta hosilini qisqa muddatda yig`ishtirib olish, kuzgi ekinlarni ekish va qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini g`amlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1