AsosiyDunyo

Rossiyada boshlangan “adolat marshi”, izolyasiyaga olingan Moskva, Putinning xalqqa murojaati Rossiyadagi holat bo`yicha asosiy ma`lumotlar.

'Rossiyada boshlangan “adolat marshi”, izolyasiyaga olingan Moskva, Putinning xalqqa murojaati Rossiyadagi holat bo`yicha asosiy ma`lumotlar.'ning rasmi

Kecha, 23 iyunkuni kechki payt “Putinning oshpazi” laqabi bilan tanilgan Evgeniy Prigojin boshqaruvidagi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Rossiyada “Adolat marshi”ni boshladi. Gap shundaki, Prigojin va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu o`rtasidagi daxanaki jang kecha avj pallasiga chiqdi. Sobiq oshpazning ta`kidlashicha, shaxsan Shoyguning ruxsati bilan “Vagner” lagerlariga raketa zarbalari berilgan. Tabiiyki, vazirlik bu xabarni yolg`on deb atadi. 

Shundan so`ng, “Vagner” XHK Rostov-Dondagi Janubiy harbiy okrugi shtab-kvartirasini nazorat ostiga oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan kadrlarga ko`ra, vagnerchilar zirhli texnikalar yordamida Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini o`rab olgan. Bunga javoban Federal xavfsizlik xizmati qurolli to`ntarishga urinish moddasi bo`yicha ish ochdi. Xo`sh, Putinning sodiq odami, aniqroq aytganda sobiq odami nega xiyonat qildi, hammasi nimadan boshlandiyu voqealar rivoji qanday davom etmoqda?

Prigojen nimadan g`azabda?

Shu yilning 4 may kuni Evgeniy Prigojin Rossiya harbiy rahbariyatini haqorat qilib video e`lon qildi. U o`ldirilgan vagnerchilar jasadlari uyumini ko`rsatib, ularning fonida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda shtab boshlig`i Valeriy Gerasimovni haqorat qilgan. Murojaatdan bir kun avval Prigojin vagnerchilar Baxmutdagi janglar vaqtida kun davomida 230 metr siljigani va 116 nafar askarini yo`qotganini aytgandi.

”Bular bugungi janglarda o`lgan ”Vagner” jangchilari. Ko`ring, hali qoni ham qotmagan. Endi meni eshitinglar, ***lar, bular kimningdir otasi, kimningdir o`g`li. O`q-dori bermayotgan marazlar esa do`zaxda ularning ichak-chavog`ini eydi. Bizda 70 foiz o`q-dori etishmayapti. Shoygu, Gerasimov, ***lar, qani o`q-dori? Mana bularga qaranglar, ***lar”, degan edi o`shanda Vagner asoschisi. 

Bu Prigojenning Rossiya harbir rahbariyatini haqoratlagan birichi yoki oxirgi video murojaati emas. 

Evgeniy Prigojin o`zining 23 iyun kungi so`nggi murojaatida Mudofaa vazirligini Rossiya prezidenti Vladimir Putinni aldayotganlikda aybladi hamda Ukrainadagi urushni boshlashga umuman hojat bo`lmaganini aytdi. 

“Hammasi birgina ruhiy kasal odam tobutda yotganida oldidagi yostiqqa mana shu yulduzni qo`yishlari uchun bo`ldi”, degan “Vagner” asoschisi.

Shu kuni kechqurun vagnerchilarning harbiy bazasi hujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Moskva vaqti bilan soat 21:00 dan keyin, “Vagner” asoschisi yollanma askarlar lageriga raketa zarbasi berilgani haqida xabar berdi.

“Qurbonlar ko`p. Zarba orqa tomondan berilgan, ya`ni Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari tomonidan”, – dedi Evgeniy Prigojin.

Rossiyalik harbiylar “qo`zg`olonchilar”ni qanday kutib oldi

Yuqorida aytganimizdek, Prigojen vagnerchi askarlarni rossiyalik harbiylar tomonidan o`qqa tutilganini iddao qildi. Hujum haqida mobil kamerada suratga olingan videodan tashqari aniq dalillar keltirilmagan. 

Prigojin Moskva vaqti bilan soat 22:30da “rus askarlarini yo`q qilayotganlar bilan” “gaplashib olishga” va`da berishini aytdi. 

“Vagner komandirlar kengashi qaror qabul qildi. Mamlakat harbiy rahbariyati olib borayotgan yovuzlikka chek qo`yilishi kerak.

Prezident hokimiyati, hukumat, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa tuzilmalar odatdagidek ishlashda davom etishadi. Meni eshitayotganlar qarshilik ko`rsatmang, Biz faqatgina “rus askarlarini yo`q qilayotganlar bilan” “gaplashib olishga” va`da beramiz degan u.

Yarim tundan keyin Rossiya Bosh prokuraturasi Evgeniy Prigojinning shaxsan o`ziga nisbatan “qurolli isyon uyushtirish fakti” bilan jinoiy ish qo`zg`atilganini e`lon qildi. 

Bunga javoban Prigojen “Bu harbiy to`ntarish emas. Bu adolat marshidir. Bizning harakatlarimiz qo`shinlarga hech qanday xalaqit bermaydi”, deya munosabat bildirgan o`z matbuot xizmatiga bergan intervyusida orqali. 

Keyinroq “Vagner” asoschisi, ko`plab rus harbiylari uni qo`llab-quvvatlayotganini e`lon qilgan yana bir xabar e`lon qildi.

Uning qo`shimcha qilishicha, “Vagner” bo`linmalari davlat chegarasini “hamma joylarda” kesib o`tgan, chegarachilar “jangchilar bilan quchoqlashgan”, Mudofaa vazirligi bo`linmalari esa “chetga chiqqan”.

Prigojinning so`zlariga ko`ra, “muddatli chaqiriluvchilar, o`n sakkiz yoshli yigitchalar unga qarshi qo`yilgan”, biroq u “bolalar bilan urushmaydi, shuning uchun ular tirik qoladi va onalari yoniga qaytadi”.

Putin “eski qadrdoni”ni vatan xoini deb atadi

Rasmiy Kreml Prigojinning bayonotlariga zudlik bilan javob qaytardi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin “Prigojin atrofida yuz berayotgan vaziyatdan” xabardor ekanini aytdi va “barcha zarur choralar ko`rilayotganini” qo`shimcha qildi. Shundan so`ng Putinning rus xalqiga yo`llagan murojaati e`lon qilindi. U o`z nutqida “Vagner” xususiy harbiy harakatlarini isyon, vatanga xiyonat deb atadi. 

“Biz Rossiya bo`lib qolish huquqi uchun kurashyapmiz, bu jang barcha kuchlarning birligini talab qiladi, bizni ajratib turadigan hamma narsa chetga surilishi kerak. Va shuning uchun ham bizning birligimizni parchalagan harakatlar, aslida, murtadlik va Rossiya va xalqimizning orqasiga pichoq urishdir. 1917 yilda mamlakatimiz Birinchi jahon urushida qatnashganda ana shunday zarba berilgan va g`alaba bizdan olib qo`yilgan.

Takror aytaman, har qanday ichki notinchlik davlatchiligimiz, xalqimiz uchun halokatli tahdiddir. Bu Rossiyaga, xalqimizga zarba. Vatanni bunday tahdiddan himoya qilish bo`yicha harakatlarimiz qiyin bo`ladi. Qasddan xiyonat yo`liga kirgan, qurolli qo`zg`olon tayyorlagan, shantaj va terrorchilik usullari yo`liga kirgan har kim muqarrar jazoga tortiladi, qonun oldida ham, xalqimiz oldida ham javob beradi”, — dedi prezident o`z murojaatida.

Prezident yana bir bor “G`arbning deyarli butun harbiy, iqtisodiy, axborot mashinasi Rossiyaga qarshi qaratilganini” aytdi. 

“Biz xalqimizning hayoti va xavfsizligi, suverenitetimiz va mustaqilligimiz, Rossiya bo`lish va Rossiya bo`lib qolish huquqi uchun kurashyapmiz”,degan u nutqi so`nggida.

Moskva Prigojenning ehtimoliy hujumiga tayyorlanmoqda?

BBC nashrining xabar berishicha, 23 iyun kuni kechqurun FXX’ning Moskva bo`limiga trevoga berilgan. Xabarda aytilishicha, Moskva garnizoni ham jangovar holatga keltirilgan. Bundan tashqari Moskvada “Qal`a” rejasi joriy etilgan — bu polisiya xodimlarini favqulodda yig`ishni hamda Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati va Federal jazoni ijro etish xizmatining eng muhim ob`ektlarni nazorat ostiga olishni nazarda tutadi.

Yarim tunda poytaxt markaziga zirhli texnikalar kelgani tasvirlangan kadrlar paydo bo`ldi. Guvohlarning xabar berishicha, yuk mashinalari va zanjirli transportlar Katta Dmitrovka, Moxovaya va Lubyanka maydoni bo`ylab harakatlanmoqda.

“Don” shossesi deb nomlanuvchi Moskva-Voronej-Rostov-Don yo`lida Milliy gvardiya qo`shinlarining operativ bo`linmalari yordamida blokpostlar o`rnatmoqda. U erda navbatda turganlarga “xavf tug`ilganda” o`t ochish buyurilgan. Shu bilan birga, texnikalar ham jangovar holatida, biroq ularni harakatlantirish bo`yicha qismlar hali buyruq olmagan.

    Boshqa yangiliklar