Atoqli shoir Hamid Olimjonning barchamizga yod bo`lib ketgan bu satrlari xech yodimdan chiqmaydi. Bugun zamonaviy kompyuter texnikasi va internetni suv qilib ichib yuborgan yigit-qizlar, xattoki sizu bizdan telefonni yaxshi tushunadigan bolajonlar “Uchar gilam”laru, “Tohir-Zuhra” yoki “Yoriltosh”ni bilisharmikan? Taassufki, deyarli yo`q.
Ta`kidlash kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga e`tibor davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. O`g`il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma`naviyatli bo`lib ulg`ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlarni izchil rivojlantirish maqsadida, ma`muriy islohotlar doirasida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tashkil etildi. So`nggi olti yilda bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga etishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bog`chaga bormoqda.
Ma`lumki, har bir xalq, millat va davlatning tarixiy taraqqiyoti ta`lim-tarbiya, ma`naviyat darajasiga bog`lik bo`lgan.
Tadqikotlarning tahlili shuni kursatdiki, shaxsda milliy g`urur tuyg`usini shakllantirishni bolalik davridan boshlash zarur. Shaxsning kamolotida milliy g`urur, milliy iftixor, o`z-o`zini anglashni maktabgacha yoshdagi bolalardan boshlashda xalq og`zaki ijodi na`munalari juda katta rol o`ynaydi. Shunga ko`ra, Harakatlar strategiyasida "jismonan baquvvat, ma`naviy va aqliy rivojlangan, erkin fikr yuritadigan, qat`iy hayotiy nuqtai nazarga ega, yurtga sadoqatli yoshlarni tarbiya kilish" kabi vazifalar belgilab berildi. Bunda turli xalqlar tafakkuri mahsuli bo`lgan xalq og`zaki ijodi namunalari - ertaklar, hikoyalar, rivoyatlar, afsonalar, topishmoqlar, tez aytishlar maqollar, matallar, o`yinlar, laparlar, qo`shiklar, latifalar, naqllardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro tajribada yosh avlodni milliy iftixor ruhida tarbiyalash, milliy madaniyatni rivojlantirish, barkamol shaxs kamolotini ta`minlovchi asosiy omil sifatida namoyon bo`lmoqda. Bunda ular asosan nimalarga e`tibor berishadi?
Masalan, Polshada maktabgacha ta`limni bolalar bog`chasida yoki maktabdagi maxsus sinflarda oladilar. “Nolovoy sinf” 6 yoshdagi hamma bolalar uchun majburiydir. Hamma bog`chalarda polyak bolalari maktabda o`zini qanday tutishi kerakligi haqida o`rgatib boriladi.
Belgiyada esa maktabgacha ta`lim 2,5 yoshdan boshlanadi. Maktabgacha ta`lim guruhlarining asosiy maqsadi: bolalarning bilish, bilim orttirish (kognitiv), kommunikativ va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish hisoblanadi. Maktabgacha ta`lim majburiy ta`lim dasturiga kiritilmagan bo`lsada, Belgiyada taxminan 90% gacha bo`lgan bolalar unga qatnashadi.
Maktabgacha ta`limga Yaponiyada juda katta e`tibor beriladi, chunki psixologlarning ta`kidlashicha 7 yoshgacha inson bilimlarni 70%ni, qolgan 30%ni butun qolgan umri davomida o`zlashtirar ekan. Maktabgacha tarbiya odatda oiladan boshlanadi. Yapon ayollari uchun onalik birinchi o`rinda turadi. Ko`pgina yapon ayollarining aytishlaricha, bola tarbiyasi ular hayotlarining maqsadlaridir. Yaponlar bolaning erta voyaga etishi tarafdoridirlar. Turli yoshlarda tarbiyaning turli muammolariga urg`u beradi. Masalan, 1 yoshda-o`ziga ishonch hissini uyg`otish, 2 yoshda-amaliy san`at qo`l mehnatini ko`rsatish, 3 yoshda-burch hissini tarbiyalash, 4 yoshda-yaxshilik va yovuzlikni farqlashga o`rgatish, 5 yoshda- liderlik hislatlarini tarbiyalash, mustaqillikka, reja tuzish va ularni bajarishga o`rgatish. Bolalar va qizlar turlicha tarbiyalanadilar. O`g`ilga oilaning bo`lajak tayanchi sifatida qaraydilar va qiyinchiliklarni engishga o`rgatadilar. Qizlarni esa uy ishlariga tayyorlaydilar. Ertaklar, kitoblar, musiqa, sport o`yinlari, rassomlik kabi shaxsning ijodiy xususiyatlariga qiziqish uyg`otiladi. Bolalar bog`chasi Yaponiyada vatan fuqarosini shakllantirish tizimining 1-bosqichi hisoblanadi.
Janubiy Koreyada bolalar bog`chasi umumta`lim turiga kirmaydi. Ota-onalar farzandlarini xususiy maktabgacha muassasalarga beradilar. Bu muassasalarda mashg`ulotlar koreys tilida, ingliz tilida, ba`zilarida faqat ingliz tilida olib boriladi. Bolalar bog`chasiga 3 yoshdan 5 yoshgacha qabul qilinadi. Bolalar bog`chasining asosiy vazifasi oilalarni har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Bog`chalarda asosan musiqa, rasm, hisoblash darslari o`tiladi. Koreys bog`chalarida bolalarda mustaqillikni shakllantirishga katta e`tibor beriladi.
Xitoyda maktabgacha ta`lim bolalar bog`chalari va maktabacha ta`lim muassasalari hisoblanadi va 3-6 yoshli bolalar qabul qilinadi. Xitoy bolalaridagi qat`iylik va mehnat sevarlik an`anaviy fazilatlarga aylangan.
Ko`rinib turibdiki, har bir millat davlat kelajagi bo`lgan bolalarni tarbiya qilish, ularda vatanparvarlik hissini shakllantirishni bog`cha yoshidanoq boshlaydi va bunda turli usullar va yo`nalishlardan foydalanadi.
Kundalik hayot va bayramlarda, an`ana va urf-odatlarda, mahalla va oilaviy o`zaro munosabatlarda milliy g`ururm g`oyalari ifodalangan va rivojlangan. Shu sababdan ham xalq an`analarida qo`llanilgan, asrlar davomida sinalgan barkamol shaxsni tarbiyalash vositalaridan voz kechib bo`lmaydi. Mazkur jarayonda maktabgacha ta`lim davri etakchi rolni egallaydi. Maktabgacha yosh davri milliy g`urur —men konsepsiyasi motivlarini shakllantirishda va bolalarning bilishga oid qizikishlarini rivojlantirishda, ijtimoiy va axloqiy qoidalarni o`zlashtirishlarida asos hisoblanadi..
Xulosa qilib aytganda xalq og`zaki ijodi bu millatning tuganmas boyligi, undan oqilona foydalana olish oilada, ta`lim tashkilotlarida ta`lim-tarbiya jarayonini to`g`ri tashkil qilishga bog`liq. Chunki, maktabgacha ta`lim tashkilotidan boshlab ajdodlarimiz pand-o`gitlari, xalqimiz maqol-matallari bilan tanishtirib borish, ularning har biriga tahliliy tushuncha berib, uni odob-ahloqqa bog`lab borish, milliy mafkuramizga tamal toshi qo`yish demakdir.
Shahrisabz davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta`lim yo`nalishi talabasi E`zoza Yashinova