AsosiyJamiyat

"Jipiriq, shunchalik ham aldaysanmi?"

'"Jipiriq, shunchalik ham aldaysanmi?"'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda prezident maslahatchisi o`rinbosari Shuhrat G`aniev yig`ilishda hokimlar va suv xo`jaligi rahbarlarini qo`shib yozish va sug`orish ishlari sifatsiz olib borilayotgani uchun tanqid qilgan video tarqaldi. U prokuraturaga Qashqadaryo viloyatining uchta tumani hokimlarini jinoiy javobgarlikka tortishni buyurdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investisiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo`yicha maslahatchisi o`rinbosari Shuhrat G`aniev raisligida 30 iyun kuni bo`lib o`tgan selektor yig`ilishidan video tarqaldi.

Kadrlarda maslahatchi o`rinbosarining tuman hokimlari va boshqa mutasaddilarni tanqid qilgani, ayrimlarini javobgarlikka tortish bo`yicha prokuraturaga topshiriq bergani aks etgan.

«Hozir Qamashi tumani hokimi [Botir Tog`aev], G`uzor tumani hokimi [Bekzod Suyunov]ni chaqirib, idorangizga boring. Ko`kdala tumani hokimi [Xurram Jo`raev]ni ham chaqirib, og`ayni, suv bo`yicha javobgar qilasiz. Uchta tuman „vodxozi“ rahbarini ham jinoiy javobgarlikka tortasiz. [Suv xo`jaligi vaziri Shavkat] Hamroev uchalasiniyam hozir ishdan olib tashlaydi. Hokimini ham jinoiy javobgarlikka tortasiz. Hozir uch nafar hokim o`rinbosarini ham ishdan olamiz», — dedi u.

So`ng Nishon tumani hokimi Muxtor Xayitmurodovga yuzlanib, uni bug`doydan bo`shagan erlarga qayta ekish bo`yicha raqamlarni qo`shib yozishda aybladi.

«Katta xolangning chorvog`imi bu, Muxtor? Bu nima qilganing? 6200 gektar bosvoribsan. Gapir, Muxtor. Hozir borib o`lchaymi?» — deb so`radi Shuhrat G`aniev.

Bunga javoban hokim topshiriq qayta ko`rib chiqilayotganini aytdi. «Nima qilasan bunaqa yolg`on ma`lumotni berib? Kimni aldayapsan?» — dedi maslahatchi o`rinbosari.

«Qarshi tumani 5830 gektar ekib tashlabdi, 3315 ta xonadonga 1100 gektar xonadonga ektirib tashlabdi», — dedi Shuhrat G`aniev. Tuman hokimi Behzodjon Yusupov esa bu raqamlarni yana bir bor o`rganishini bildirdi.

«Sen jipiriq, raqamlarni ko`rmaysanmi? Demak, takroriy ekin bo`yicha ishlamayapsan ekan-da, jipiriq? (Prokuraturaga murojaat qilib — tahr.) Hozir Koson, Qarshi, Nishon, Mirishkor tumanlari hokimlarini chaqirasiz, xo`pmi?» — dedi u.

Prezident maslahatchisi o`rinbosari Kasbi tumani hokimi To`xtamurod Meyliev tomonidan taqdim etilgan 2700 oilaga mo`ljallangan 900 gektar (jami 4900 gektar) erga ekin ekish bo`yicha ma`lumot prokuratura tomonidan tekshirilishi kerakligini aytdi.

    Boshqa yangiliklar