AsosiyJamiyat

"2030 yilga barcha bolalarni maktabgacha ta`lim bilan to`liq qamrab olish rejalashtirilgan". Toshkentda “O`zbekiston – sog`lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya o`z ishini boshladi

'"2030 yilga barcha bolalarni maktabgacha ta`lim bilan to`liq qamrab olish rejalashtirilgan". Toshkentda “O`zbekiston – sog`lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya o`z ishini boshladi'ning rasmi

Bugun Toshkentda “Yangi O`zbekiston: taraqqiyot, innovasiya va ma`rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida O`zbekiston Kinematografiya agentligining Event Hall tadbirlar zalida “O`zbekiston – sog`lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya o`z ishini boshladi.

Mazkur tadbirda O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova, YUNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, TUM International tashkiloti boshqaruvchi direktori Friderike Hettinger, Cambridge Assessment Markaziy Osiyo davlatlari uchun ta`lim xizmatlari departamenti direktori Stiv King, Massachusets texnologiya instituti Ta`lim va innovasiya departamenti direktori,  J-WEL laboratoriyasi asoschisi Vijay Kumar, Rossiya ta`lim akademiyasi Vise-prezidenti, Oliy attestasiya komissiyasi raisi Vladimir Filippov, “KEI Advanced, Inc. Kawaijuku-group” direktori Hiromitsu Sakata, YUNISEF Texnik Maslahatchisi Metyu Goldi-Skot ishtirok etmoqda.

Tadbirdan asosiy maqsad, Yangi O`zbekistonda inson kapitali, uning shakllanishi va rivojlanishida ta`lim-tarbiya hamda ilm-fanning o`rni va rolini muhokama qilish, ta`lim tizimini isloh qilishning zamonaviy tendensiyalari, jahon tajribasini o`rgangan holda ularni amaliyotga tadbiq etish va buning samarasi borasida fikr almashish, keng jamoatchilikni Yangi O`zbekistonda ta`lim, ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirishdan iboratdir.

Konferensiya avvalida so`zga chiqqan Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova tadbir ishtirokchilarini bugungi tadbir bilan qutladi va mavzuga doir o`z fikrlarini bildirib o`tdi.

“Bugungi O`zbekiston davlati joylashgan zamin qadimda ikki buyuk uyg`onish davriga beshik bo`lgan. Bu qutlug` maskanda Farg`oniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Buxoriy, Termiziy, Ulug`bek, Jomiy, Navoiy kabi buyuk daholar etishib chiqqan.

Ushbu ulug` ajdodlarimizga munosib voris bo`lish uchun so`nggi yillarda O`zbekistonda ta`lim sohasiga katta e`tibor berilmoqda. Aholisining 50 foizdan ortig`i 29 yoshgacha bo`lgan yoshlardan iborat bo`lgan O`zbekiston uchun ta`lim katta strategik masala ekanligini aytsam mubolag`a qilmagan bo`laman.

2030 yilga qadar ta`lim tizimida qanday ishlar amalga oshirilishi xususida “Ta`lim — 2030” konsepsiyasida aniq belgilab olingan. Ushbu konsepsiya doirasida hozirga qadar sohada ko`plab natijalar qayd etildi.

Maktabgacha ta`lim tizimini kengaytirish mamlakatda muhim masala sifatida belgilanib, oxirgi 5 yil ichida bolalarning qamrovi 27 foizdan 72 foizga etdi. 2030 yilga barcha bolalarni maktabgacha ta`lim bilan to`liq qamrab olish rejalashtirilgan.

Oxirgi 5 yil davomida 261 ta yangi maktab qurilishi, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan, qo`shimcha 700 mingta o`quvchi o`rni yaratildi.

Pedagoglarning jamiyatdagi obro`si va qadr-qimmatini himoyalash borasida faoliyatiga aralashganlik uchun ma`muriy javobgarlik kuchaytirildi. Majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida ma`muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.

Mamlakatimiz ilk bor ta`lim sifatini baholash xalqaro tadqiqotlari (PISA, PIRLS, TIMMS)da ishtirok eta boshladi. Global innovatsion indeksning Inson kapitali yo`nalishida 2022 yil hisobotiga ko`ra, O`zbekiston 7 pog`ona yuqorilab, 65-o`rinni qayd etdi (jami 131 ta mamlakat ichida).

O`ylaymanki, bugun sizlar bilan erishilgan natijalarimiz va yutuqlarimiz bo`yicha fikr almashamiz, sizlarning qimmatli taklif va tavsiyalaringizni kutib qolamiz”, - dedi ta`lim vaziri. 

 

    Boshqa yangiliklar