NATO rahbari Mark Ryutte Rossiya tomonidan fazoda yadroviy qurol joylashtirilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bosh kotibning aytishicha, Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi fazoda yadroviy quroldan foydalanishni ko‘rib chiqmoqda. Bu 1967 yilda qabul qilingan Fazodan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani buzish hisoblanadi.
NATO Rossiya yadroviy qurollarni kosmosga joylashtirib, sun’iy yo‘ldoshlarni nishonga olish imkonini ko‘rib chiqmoqda, degan xavotirda. Tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte bu ehtimol haqida Germaniyaning Welt am Sonntag gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Moskvaning fazoviy imkoniyatlari G‘arbga nisbatan eskirib qolgan. "Shu bois, fazoda yadroviy qurol ishlab chiqish — Rossiya uchun o‘z imkoniyatlarini yaxshilash usuli hisoblanadi. Bu esa katta tashvish uyg‘otadi", — dedi Ryutte.
Qurollar Yerni emas, balki sun’iy yo‘ldoshlarni nishonga olishi mumkin bo‘lsa-da, ularni yiqitish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki bugungi kunda navigatsiya, aloqa va atrof-muhit monitoringi kabi ko‘plab tizimlar sun’iy yo‘ldoshlarga tayanadi.
Ryuttening ta’kidlashicha, bunday harakat Rossiya tomonidan 1967 yilda AQSH va SSSR tomonidan imzolangan Fazodan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani buzish bo‘ladi. U hozirgacha xalqaro fazo huquqining asosiy asosi bo‘lib, fazoda ommaviy qirilish qurollarini joylashtirishni taqiqlaydi.
Ryuttega ko‘ra, NATO ittifoqchilari yangi tahdidlarga moslashmoqda, axborot almashmoqda va yaxshiroq himoyalangan sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqmoqda.
"So‘nggi yillarda fazo tobora gavjumlashib, xatarli va noaniq makonga aylanmoqda. Biz fazodagi raqobat qattiq va keskin tus olganini bilamiz. Bu faqat tijoriy emas, balki xavfsizligimizga ham ta’sir ko‘rsatadi", — degan NATO bosh kotibi.
Abdulloh Sayyid