AsosiySport

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston 2031 yilgi Osiyo kubogini qabul qilish uchun qo‘shma ariza berdi

Osiyo Kubogi musobaqasini o‘zida qabul qilish uchun turnir tarixidagi rekord ko‘rsatkich — 7 ta ariza topshirilgan.

'O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston 2031 yilgi Osiyo kubogini qabul qilish uchun qo‘shma ariza berdi'ning rasmi

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Futbol Konfederatsiyasining 35-Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda OFK Ijroiya Qo‘mitasining Markaziy Osiyo mintaqasi vakili, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Tadbirda OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa konfederatsiyaga a’zo milliy va mintaqaviy assotsiatsiyalarni yanada rivojlantirish va Osiyo futbolining kelajagi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

"Biz Osiyo futbolini yanada kuchliroq rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar va o‘zgarishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ushbu yo‘nalishlar va hamkorliklar Osiyo futbolining mustahkam poydevorini yaratishda muhim o‘rin tutadi. Klublar va milliy jamoalar orasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, mintaqaviy musobaqalar orqali futbolni xalqaro maydonda yanada rivojlantirishni rejalashtiryapmiz," — dedi OFK prezidenti.

Kongress davomida 2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligi uchun 7 ta nomzodlar tomonidan ariza berilgani ta’kidlandi.

Bular quyidagilar:

Avstraliya

Hindiston

Indoneziya

Janubiy Koreya

Kuvayt

BAA

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi (qo‘shma ariza).

"2031 yilgi Osiyo Kubogi uchun rekord miqdordagi davlatlar ariza berdi, bu Osiyo futbolining global maydondagi ahamiyatini yanada oshiradi," — deya qo‘shimcha qildi Shayx Salmon.

OFK rahbari, shuningdek, Falastin, Myanma va Tailandda yuz bergan tabiiy ofatlar tufayli jabr ko‘rganlarga hamdardlik bildirdi. Kongress davomida, shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar va tashkilotning hisobotlari tasdiqlandi.

    Boshqa yangiliklar