Toshkent viloyatidagi “Ohangaronshifer” AJda 2002 yildan buyon betonchi bo‘lib ishlab kelayotgan fuqaro I.P. 2023 yil martdan 2024 yil dekabrigacha — 21 oy davomida ish haqini ololmagan.
Mehnat huquqlari buzilgan fuqaro Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga murojaat qildi. Murojaat nazoratga olinib, tegishli hujjatlar o‘rganildi hamda Ombudsman tomonidan fuqaro manfaatida sudga da’vo arizasi kiritildi.
Sud qaroriga asosan ish haqi, o‘z vaqtida to‘lanmagan ish haqi uchun kompensatsiya, ma’naviy zarar uchun jami 93,4 mln so‘m fuqaro foydasiga undirilishi belgilandi.
Shuningdek, javobgar ish beruvchidan O‘zbekiston Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi mutaxassislari uyushmasining foydasiga mutaxassis xarajati uchun 1,8 mln so‘m hamda 4 mln so‘m davlat bojini undirish belgilandi.