Bugun Toshkent shahrida O`zbekiston Xalq demoratik partiyasining X qurultoyi bo`lib o`tdi. Unda qurultoy delegatlari, partiya Markaziy Kengashi a`zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Qurultoyda O`zXDPdan O`zbekiston Respubliksi Prezidentligiga nomzod hamda uning saylovoldi dasturini tasdiqlash, mazkur saylovda partiya tashkilotlari oldida turgan vazifalar, O`zXDP Ustaviga qo`shimchalar kiritish singari masalalar o`rin oldi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunning 24-moddasi muvofiq siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatiladi. Shunga ko`ra, qurultoyda O`zXDPning VI plenumida O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan, O`zXDP Markaziy Kengashi raisi, partiyaning O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov nomzodi tasdiqlandi.
Ta`kidlanganidek, nomzodning saylovoldi dasturi partiyaning dasturiy maqsadlariga asoslangan, xususan, jamiyatning barcha a`zolari uchun har tomonlama rivojlanish va ishonchli ijtimoiy kafolatlarni ta`minlashga, aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishga yo`naltirilgan.
Shuningdek, Qurultoyda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasida O`zXDP tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi. Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.