AsosiyJamiyat

"Otaning bolalariga g`amhurlik qilmayotganligi ham bolaga nisbatan zo`ravonlik uchun shart – sharoit yaratgan"

'"Otaning bolalariga g`amhurlik qilmayotganligi ham bolaga nisbatan zo`ravonlik uchun shart – sharoit yaratgan"'ning rasmi

Rossiyadagi eri bilan janjallashgan samarqandlik ayol farzandlarini kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Ombudsman ayol holati bo`yicha rasmiy munosabat bildirdi.  

Mas`ullarning o`rganishicha, bolalarni kaltaklagan ona turmush o`rtog`i bilan sevishib turmush qurgan, 3 nafar farzandi bor, farzandlar 4, 3 yosh va 7 oylik.

Turmush o`rtog`i xorijga ishlashga ketgan. Kelin oilasida qaynopasi bilan bir necha yildan buyon kelishmay kelgani sababli ota uyiga ketib qolgan. Ota uyida moliyaviy jihatdan qiynalgan, turmush o`rtog`idan pul yuborishini talab qilgan. Natijada janjal kelib chiqqan va mazkur holat yuz bergan.

Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

" Bolalarning otasini qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarmaganligi, oilaga uchinchi shaxslarning aralashuvi bolalarga nisbatan zo`ravonlik qilish uchun shart-sharoit yaratgan. Lekin, afsuski, bolalarning onasidan boshqalar javobgarlikdan chetda qolmoqda.  

Yuqoridagi holatda otaning bolalariga g`amhurlik qilmayotganligi ham bolaga nisbatan zo`ravonlik uchun shart – sharoit yaratgan.

Bunday holatga yo`l qo`ygan oila a`zolarini ham, ayolni ham mutlaqo oqlab bo`lmaydi.

Qayd etish lozimki, 2023 yilgi “Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq Bola huquqlari bo`yicha vakil nazoratida, mas`ul ijrochilar tomonidan “O`zbekiston Respublikasining “Bolarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to`g`risida”gi qonuni” loyihasi ishlab chiqildi.  

Ushbu loyihada “g`amho`rlik ko`rsatmaslik” tushunchasi ochib berilmoqda. Yani, g`amho`rlik ko`rsatmaslik – ota-onalar (ularning o`rnini bosuvchi shaxslar) zarur imkoniyatlar, bilim va ko`nikmalar, shuningdek tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, ta`lim, ijtimoiy va boshqalar) foydalanish imkoniyatiga ega bo`lishiga qaramay qarmog`idagi bolaning sog`lig`i, jismoniy, aqliy, ma`naviy va axloqiy rivojlanishining jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkin bo`lgan jismoniy, moddiy va (yoki) psixologik ehtiyojlarini qondirmaslik", - deya qayd etiladi munosabatda.

 

Ombudsmanning ma`lum qilishicha, so`ngi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo`ravonliklar soni oshib borayotganligi, mavjud huquqiy mexanizmlar zo`ravonliklarni oldini olish hamda jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda etarli samarasini bermayotganligini ko`rsatmoqda.

Oxirgi 3 yilda 2 072 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 1 777 nafari yoki 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun bo`lsa 23 nafari ota-onalik huquqini suiiste`mol qilganligi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo`lganligi, kuch ishlatganligi yoki ruhiy ta`sir ko`rsatganligi sababli.

Ma`lumot o`rnida:O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 77-moddasida ota-onalar va ularning o`rnini bosuvchi shaxslar o`z farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta`lim olishi, sog`lom, to`laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g`amxo`rlik qilishga majburligi belgilangan.

Oila kodeksining 75-moddasida ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emasligi belgilangan.  

Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog`lig`iga, ahloqiy kamolotiga zarar etkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo`pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatasiya qilishdan xoli bo`lishi kerak.

O`z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo`ladi deb belgilangan.

 

    Boshqa yangiliklar