Tez orada Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo`li sabab umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt ildizi bilan kesilishi mumkin. Bu haqda jurnalist Ilyos Safarov Surxondaryo viloyat hokimligidagi tanishidan eshitgani haqida aytib, telegramdagi sahifasida xabar qoldirdi.
"Hozirgina eshitgan bir xabarimdan dahshatga tushdim. Uning aytishicha, tez orada Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo`li sabab umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt ildizi bilan kesilishi mumkin ekan", - deydi Safarov.
Bunda jumladan, Buxoroda 23 mingdan, Surxondaryo viloyatida esa 45 mingdan ortiq daraxtni yo`q qilish bo`yicha reja mavjud va loyiha allaqachon hukumatga topshirilgan. Ishlar avgustdan, tezlashtirilgan tartibda boshlanishi kutilmoqda, degan uning hokimlikdagi tanish manbasi.
"Ochig`ini aytaman, hokimlik vakilidan eshitgan xabarimni hozircha rasmiy boshqa idoralardan tekshirish imkoni bo`lmadi. Xabar shunchalik qo`rqinchli bo`lgani uchun ham bu haqda tezroq yozishga qaror qildim. Agar u yolg`on bo`lsa, tuzatilgan xabarni qayta e`lon qilish yoki boshqa tarzda javob berishga roziman. Ammo agar hukumat shunday loyihaga ega bo`lsa va yoki u amalga oshsa, eslab qoling, bu O`zbekiston uchun chinakamiga "O`lim loyihasi" bo`ladi.
Biz shusiz ham dunyoda ekologiya muammolaridan eng ko`p aziyat chekayotgan mintaqaga aylanib bormoqdamiz. Bir tup daraxtni o`stirib olish ming azob bo`lgan ikki hududda 70 ming daraxt kesilishi esa inqirozimizni yanada tezlashtirib yuboradi. Bundan boshqa yuzlab xavfli oqibatlar haqida o`ylash ham qo`rqinchli.
Men jamoatchilikni vaziyatga befarq bo`lmaslikka, uni diqqat bilan kuzatib borishga va loyiha haqida qandaydir xabar paydo bo`lgudek bo`lsa, unga qarshi birlashishga chaqiraman. Bizni o`ldirishlariga rozi bo`lmaylik", - jeya jamoatchilikka murojaat qilmoqda jurnalist.






