Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo`mitasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda “pregabalin” kuchli ta`sir qiluvchi moddasini pochta jo`natmalari orqali xorijdan olib kelish va qadoqlab sotish bilan shug`ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda darakchi.uz"/'ga DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, 2 ta holatda Xitoy davlatidan 6 nafar O`zbekiston fuqarosi nomiga yuborilgan pochta jo`natmalari ko`zdan kechirilganda ularning ichida polietilen paketlarga solingan, oq rangli, kukunsimon, hidsiz moddalar borligi aniqlanib, ekspertizadan o`tkazildi.
Natijada ushbu moddalarning sof og`irligi 75 kg. 373 grammni tashkil etib, ular “pregabalin” kuchli ta`sir qiluvchi moddasi ekanligi aniqlandi.
Lekin jo`natmalarga doir hujjatlarda yuk egalari “pregabalin” moddasining haqiqiy nomini yashirib, go`yoki kosmetik xom-ashyo sifatida ko`rsatishgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu jo`natmalarni jinoiy guruh vakili qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a`zosi ham prosessual tartibda qo`lga olindi.
Ular tomonidan ijaraga olingan xonadonda esa kuchli ta`sir qiluvchi moddalarni qadoqlash uchun mo`ljallangan kichik laboratoriya borligi aniqlandi.
Ushbu manzilda “pregabalin” moddasi bo`sh kapsulalarga qadoqlanib, so`ngra ijtimoiy tarmoqlar orqali uning sotuvi yo`lga qo`yilgan.
Ta`kidlash lozimki, jinoiy guruhdan olib qo`yilgan 75 kg. 373 gr. “pregabalin” moddasidan 150 ming donadan ortiq kapsula ko`rinishidagi kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari tayyorlanib, sotuvga chiqarilganida ko`plab yoshlarni zaharlashi mumkin edi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






