AsosiyDunyo

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaning 25 million dollarlik mulki musodara qilindi

'Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaning 25 million dollarlik mulki musodara qilindi'ning rasmi

Yirik firibgarlik byurosi O`zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaning Buyuk Britaniyadagi uchta hashamatli mulkini musodara qildi. Bular Belgraviyadagi ikkita kvartira va Surreydagi qasr.

Firibgarlikka qarshi kurash byurosi 2018 yil oktyabr oyida Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini musodara qilish bo`yicha sudga murojaat qilgan. 8 avgust kuni Buyuk Britaniya Oliy sudi bu da`voni qanoatlantirdi. Hibsga olingan mulkning qiymati 20 million funt sterlingdan (25,4 million dollar) ortiqroqqa baholangan.

"Biz bugungi kunda ushbu ob`ektlarni nazorat qilish uchun bir nechta offshor hisob va kompaniyalar bilan bog`liq murakkab moliyaviy sxemani aniqladik. Bu qaror Buyuk Britaniyadagi iflos pullarni yo`q qilish yo`lidagi yana bir qadamdir”, — dedi Firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi direktori Liza Osofskiy.

Agentlik ma`lumotlariga ko`ra, Karimova 2004—2012 yillarda O`zbekiston bozoriga kirish evaziga telekommunikasiya kompaniyalaridan yuzlab million dollar pora olgan. 

Gulnora Karimova bilan bog`liq Shveysariya, Fransiya, AQSh va boshqa mamlakatlardagi aktivlarining umumiy miqdori qariyb 1,4 milliard dollarga baholanmoqda.

Eslatib o`tamiz, 2020 yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani jinoiy guruh tuzish, firibgarlik va davlat mablag`larini o`zlashtirishda ayblab, 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Hozir O`zbekiston Birinchi prezidentining qizi koloniyada jazoni o`tamoqda.

    Boshqa yangiliklar