Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar o`rtasida dars taqsimoti bilan bog`liq kelishmovchiliklar aks etgan videolar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi rasmiy mubosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, tarqalgan videolar avvalgi yillarga oid bo`lib, joriy yilda ushbu mavzuda bunday noxush holatlar qayd etilmagan. Ushbu mavzu yuzasidan vazirlik tomonidan o`qituvchilarga doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.
Joriy yilda ham Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tomonidan umumta`lim muassasalarida dars soatlar taqsimoti bo`yicha soha xodimlariga to`liq ma`lumot berish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida maktablarning direktor o`rinbosarlari uchun o`quv vebinarlari tashkil etish ko`zda tutilgan.
Vebinar-treninglar joriy yilning 22 avgust kuni bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.
“Shu o`rinda, yurtimizda o`qituvchining maqomini mustahkamlash, uning nufuzi va obro`sini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilib turgan bir paytda o`qituvchilar o`rtasidagi kelishmovchiliklarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish pedagoglarning zarariga xizmat qilishini unutmasligimiz lozim”, — deyiladi xabarda.






