2023-2024-o`quv yili uchun oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovlarida 948 mingdan ziyod abiturientdan 888 660 nafari ishtirok etdi, 59 831 nafari esa ishtirok etmadi. Bu haqda oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga kirish test sinovlari yakunlari bo`yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, abiturientlarning 67 nafari hududga kirishda, 148 nafari test sinovi jarayonida tartib-qoidani buzgan uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.
Chetlashtirish holatlarining aksariyat qismi taqiqlangan vositalar, jumladan telefon va shpargalka olib kirish yoki olib kirishga urinish hamda abiturient o`rniga boshqa shaxslarning kirishga urinishi bilan bog`liq.
Test sinovi jarayonida chetlashtirish holatlarining
- 34 tasi (23 %) — Samarqand viloyati;
- 31 tasi (20,9 %) — Toshkent shahri;
- 20 tasi (13,5 %) — Farg`ona viloyati hissasiga to`g`ri keladi.
Ma`lum qilinishicha, 2023-2024-o`quv yili uchun oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovlari natijalariga ko`ra 193 421 nafar abiturient talabalikka tavsiya etildi.
Shundan 13,5 ming nafarga yaqin abiturient qo`shimcha qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etildi
Talabalikka tavsiya etilgan abiturientlarning:
- 180 ming nafarga yaqini — umumiy qabul parametrlari doirasida;
- 13,5 ming nafarga yaqini — imtiyozga ega abiturientlar uchun ajratilgan qo`shimcha qabul parametrlari doirasida tavsiya etilgan.
Shundan:
- 42 655 nafari — davlat granti;
- 150 766 nafari — to`lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan.
Tanlov natijalariga ko`ra:
- davlat granti asosida o`rtacha ball — 119,3 ballni (o`tgan yili 121,2 ball);
- to`lov-kontrakt asosida o`rtacha ball — 93,3 ballni (o`tgan yili 95,9 ball)tashkil etdi.






