Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo`mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi. Bu haqda Davlat Bojxona qo`mitasi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, poytaxtimizning Shayxontohur tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs o`tirgan “Lasetti” avtotransport vositasi to`xtatilib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina salonining orqa o`rindig`ida turgan qog`oz qutida turgan tovuqlar tadbir ishtirokchilarining e`tiborini tortdi. Qarangki, parrandalar ostiga bug`doy kepagi bilan niqoblab yashirin bo`lma hosil qilinganligi va ularning ichiga 241 dona “Midaks” nomli kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari yashirilganligi fosh bo`ldi.
Mazkur qonunbuzarlik holatini ildizi bilan bartaraf etish maqsadida tezkor tadbir Namangan shahrida davom ettirilib, fuqarolardan birining yashash xonadoni va yordamchi xonalari ko`zdan kechirildi.
Ko`zdan kechirish davomida bu erda istiqomat qiluvchi shaxs 1 dona qog`oz qutida 236 dona “Midaks” nomli kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini o`z ixtiyori bilan taqdim etdi.
Ikkala holatda ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo`lmagan jami 477 dona dorilarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 143 mln. so`mdan oshmoqda.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo`zg`atildi.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning o`tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 142 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 17 mlrd. 459 mln. so`mlik salkam 295 ming dona kuchli ta`sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo`yilgan.