Bugun, 24 avgust kuni ochiq sud majlislarida iltimosnomalar va protestlar ko`rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 ta jinoyat ishi bo`yicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi. Bu haqda Darakchi.uz xabar berdi.
Ma`lumot uchun, Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag`on qurbonlarining merosini yanada chuqur o`rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoyishi qabul qilingan edi.
Ma`lumki, Farmoyish ijrosini ta`minlash maqsadida qatag`on qurbonlarining merosini yanada chuqur o`rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan. Shuning barobarida qatag`on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlangach, ularning nomlarini aniqlash borasida izlanishlar ko`lami kengaytirib, mas`ullarga vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko`ra reabilitasiya qilinmagan qatag`on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish belgilangan.
Bundan tashqari, Oliy sudda muayyan sabablarga ko`ra reabilitasiya qilinmagan qatag`on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo`yicha ishchi guruhi tuzilgan.
Ishchi guruhning izchil faoliyati, ko`lamli sa`y-harakati tufayli keyingi yillarda sovet davrida qatag`on qilingan 616 nafar vatandoshimiz reabilitasiya qilinib, oqlandi.
Kuni-kecha Oliy sudga Uchlik Kengashining maxsus yig`ilish qarorlariga ko`ra 1929-1931 yillarda hozirgi Qoraqalpog`iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida bosmachilik harakati a`zolari bo`la turib, qurolli to`da tuzishib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qo`zg`olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O`zbekiston SSR va Qozog`iston SSR fuqarolari bo`lgan 240 nafar shaxsga oid 5 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o`rganib chiqildi.
Bosh prokuror o`rinbosari tomonidan yuqorida ko`rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga apellyasiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyasiya tartibida protestlar keltirildi.
Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.
Mustaqillik yo`lida fidokorona kurash olib borgan, hatto o`z jonini fido qilgan qatag`on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.






