Germaniya hukumati mamlakatda yashovchi xorijliklarga fuqarolik berish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma`qulladi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 23 avgust kuni ma`qullangan hujjatga ko`ra, Germaniya pasportini mamlakatda 5 yil yashagan holda (amaldagi qonunda 8 yil) olish mumkin bo`ladi. Shuningdek, unda fuqarolik “maxsus integrasiya yutuqlari”ni namoyish etganlarga 3 yilda ham berilishi nazarda tutilgan (hozir 6 yil). Ya`ni nemis tilini yaxshi bilgan, volontyorlik ishlarida faol ishtirok etgan yoki yuqori professional sifatlarga ega bo`lganlar “maxsus integrasiya yutuqlari”dan foydalanishi mumkin bo`ladi.
Bundan tashqari, avval boshqa fuqarolikni saqlab qolishga faqat istisno hollarida ruxsat berilgan bo`lsa, endilikda da`vogarlar boshqa pasportlaridan voz kechishi talab etilmaydi.
Biroq irqchilik yoki antisemitizm bilan bog`liq jinoyatlarni sodir etganlar Germaniya fuqaroligini ololmaydi. Qonunda, shuningdek, Germaniya fuqaroligiga da`vogarlar o`zlari va oila a`zolarini mustaqil ravishda ta`minlashi va davlat ijtimoiy nafaqalariga muhtoj bo`lmasligi kerakligi belgilab qo`yilgan.






