Uzbekistan Airways kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida o`z parki uchun navbatdagi A320neo samolyotini qabul qilib oldi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
O`rta masofaga parvoz qilish uchun mo`ljallangan avialayner uzoq muddatli lizing asosida China Aircraft Leasing Group Holdings Limited (CALC) kompaniyasidan sotib olingan.
168 o`ringa mo`ljallangan Airbus A320neo Kuala-Lumpurdan Toshkentga Uzbekistan Airways'ning an`anaviy livreyasida etib keldi.
Havo kemasi milliy aviatashuvchi va CALC lizing kompaniyasi o`rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi hisoblanadi. Aviakompaniya yangi havo kemasidan Toshkent shahri va respublika viloyatlaridan amalga oshiriladigan aviaqatnovlarida foydalanishni rejalashtirmoqda.
"Bu turdagi havo kemalari o`rta masofali laynerlar orasida eng mashhur va yaxshilaridan biri hisoblanadi hamda xavfsizlik va tejamkorlikning eng yuqori darajasini taqdim etadi. Oldingi avlod avialaynerlariga nisbatan karbonat angidrid chiqarish darajasi 50 foizga kamaytirilgani tufayli samolyot raqobatchilari orasida eng ekologik toza sanaladi", — deyiladi xabarda.






