Qiziltepa tumanining To`dako`l suv havzasi bo`yicha o`tkazilishi kutilayotgan “Stixiya” festivali keng jamoatchilikning e`tiroziga sabab bo`lmoqda. Navoiy viloyati hokimligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, Navoiy viloyati hokimligi rahbariyati ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan va e`tirozlarga sabab bo`layotgan mazkur jarayonga aslo befarq emas. Shuningdek, hokimlik ma`naviyatga zid, mentalitetga xos bo`lmagan, yoshlarni turli yot g`oyalarga targ`ib qiluvchi har qanday tadbirga qarshi ekanini ma`lum qiladi.
Shu bois, “Stixiya” festivalini o`tkazuvchi Unidentified Projects Company MChJ rahbariyati viloyat hokimligi tomonidan yuqorida qayd etilgan holatlar sodir etilmasligi bo`yicha rasman ogohlantirilgan.
“Ushbu MChJ rahbariyatidan viloyat hokimining nomiga mazkur festival doirasida ma`naviyatimizga zid, yoshlarimiz ongiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi holatlarga yo`l qo`yilmasligi bo`yicha kafolat xatlari olingan”, — deyiladi munosabatda.
Unidentified Projects Company MChJ boshqaruv direktori Otabek Sulaymonovning Navoiy viloyati hokimi nomiga yo`llagan xatidan ko`rish mumkinki, festivalda kuchli alkogol ichimliklarini sotish va iste`mol qilish taqiqlanadi. Shuningdek, festivalda tartibni saqlashga 45 nafar qo`riqchi jalb etiladi, tartibbuzarlar festival o`tkaziladigan hududdan chiqarib yuboriladi.