Shavkat Mirziyoev O`zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimda nutq so`zladi.
"...Biz mutafakkir zotlarning: “Davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir. Bu maqsadga esa ilm va yaxshi axloq yordamida erishiladi”, degan hikmatli so`zlarini o`zimiz uchun dastur deb bilamiz.
Ma`lumki, biz bir yil avval taraqqiyotimizning 5 ta asosiy yo`nalishini belgilab olgan edik. Unda ta`lim sohasini rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan.
Men doimo ta`lim, ta`lim, muallim, muallim, deb ta`kidlashim bejiz emas. Chunki ta`limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning echimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta`limdir.
2022 yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital ta`mirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Maktablar uchun 30 mingdan ortiq kompyuter xarid qilindi. Yangi o`quv yilidan respublikamiz maktablarida xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari bolalarimizga dars beradi. Boshlang`ich sinf o`quvchilari ilg`or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar bo`yicha o`qiy boshlaydilar.
Xuddi shu kabi, sog`liqni saqlash, biznesni rivojlantirish, sud tizimini takomillashtirish hamda suv va yoqilg`i-energetika muammolarini hal etish yuzasidan katta loyihalar boshlangan. Yana bir bor ta`kidlayman: ushbu belgilangan ustuvor yo`nalishlar bizning doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi...
Agar 3 ming yillik tariximizga nazar tashlaydigan bo`lsak, ota-bobolarimiz asrlar mobaynida dunyo tamadduniga nafaqat jismoniy, balki intellektual mehnati bilan ulkan hissa qo`shganiga guvoh bo`lamiz.
Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma`rifat, ma`naviy boylik etkazib bergan ne-ne ulug` zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo`lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an`analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda.
Men ishonaman, biz bu tarixiy yo`lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan o`rnimiz, o`z oldimizga qo`yayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, biz transport-logistika tizimi bilan birga, bugun zamonning o`zi talab qilayotgan ilm-fan, innovasiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz. Aynan shu yo`nalishlar O`zbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanadi.
Muhtaram do`stlar!
Bugun bizning oldimizda turgan yana bir muhim masala – ekologik muammolar va suv tanqisligidir. Tarozining bir pallasida o`sib borayotgan qurilishlar, ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligi turgan bo`lsa, ikkinchi pallasida har birimiz uchun eng zarur bo`lgan suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va er resurslaridan oqilona foydalanish masalasi turibdi.
Bizning vazifamiz – har ikki yo`nalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo`lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o`ylab, oqilona foydalanishimiz zarur.
Bu borada suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o`tish muhim ahamiyatga ega. Biz uchun “yashil” va raqamli texnologiyalar, innovasion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi ham dolzarb bo`lib turibdi.