Oliy ta`lim fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi Daniyaning Kopengagen universiteti bilan hamkorlikda fudomiks yo`nalishda tadqiqotlar olib bormoqda. Fudomiks oziq-ovqat tarkibidagi molekulalar miqdori va ularning sifati analizi bilan shug`ullanadigan soha bo`lib, mahsulotlarning inson sog`ligiga ijobiy yoki salbiy ta`sirini o`rganadi.
Hozirda loyiha doirasida oziq-ovqat mahsulotlarining kimyoviy va biologik xususiyatlarining tahlili amalga oshirilmoqda. Bunda aholi tomonidan eng ko`p ishlatiladigan mahsulotlar (masalan, o`simlik yog`i)ning toksik va patogen xususiyatlari molekulyar darajada o`rganilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining molekulyar tarkibini tahlil qilish orqali ularning inson salomatligiga ta`siri tadqiq etiladi uva fudomik-platforma yaratiladi. Bu o`z navbatida oziq-ovqat mahsulotlariga eng zamonaviy standart talablarini qo`yish imkonini yaratadi. Shuningdek, taomlar tarkibini tahlil qilish texnologiyalari yaratilib, takomillashtirilgan texnologiyalar joriy etiladi. Ilmiy tadqiqot natijasida olingan katta ma`lumotlar O`zbekistonda fudomiks fanini rivojiga hissa qo`shadi.
Hozirda Ilg`or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan kasalliklar – qon-tomir kasalligi va diabetning 2-turiga oziq-ovqat mahsulotlarining ta`siri o`rganilmoqda. Bunda shifokorlar, biologlar, biokimyogarlar va kimyogar-tahlilchilar hamkorlikda ish olib bormoqda.
O`zbekistonda fudomiks sohasida ilk bora amalga oshirilayotgan mazkur loyiha yurtimiz aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklari va diabet kasalligining oldini olish, erta o`lim sabablarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadqiqot natijalariga ko`ra, yurtimiz aholisi uchun milliy ovqatlanish an`analaridan kelib chiqqan holda eng maqbul ovqatlanish rasioni ishlab chiqiladi.
Ushbu loyihani amalga oshirish aholi guruhlarining fiziologik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ovqatlanish tavsiyalarini shakllantirish uchun dalillarga asoslangan platforma yaratadi. Aholi o`rtasida kasallanish holatlarini va noto`g`ri ovqatlanishdan kelib chiqadigan erta o`lim holatlarini kamaytirish mumkin bo`ladi, bu esa odamlarning hayot sifatiga bevosita ta`sir qiladi. Mazkur keng tarqalgan kasalliklar bo`yicha epidemiologik vaziyatni mo``tadillashtirish tibbiy xarajatlarning qisqarishiga olib keladi .






