So`nggi o`n yilliklarga xos muhim xususiyatlardan biri – axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bo`ldi. Zamonaviy jamiyat hayotga kirib kelayotgan yosh avlodga yangi talablar qo`ymoqda.
Bu – informatikadan tortib to moliyaviy savodxonlikkacha bo`lgan ko`nikmalarni o`z ichiga oladi. Bunday ko`nikmalar bugungi kunda har bir yosh avlod vakili uchun zarurdir.
Shu maqsadda mamlakatimizda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etiladi. Ushbu fanlarning joriy qilinishi natijasida o`sib kelayotgan yosh avlodda hozirgi zamon talabiga mos ko`nikmalarni erta shakllantirish hamda kelgusida ushbu fanlarga tegishli va ular bilan chambarchas bog`liq kasblarni egallashga ko`mak beradi.
Ma`lumot uchun: bu yil maktab darsliklariga byudjetdan 920 milliard so`m ajratildi, boshlang`ich sinflar uchun to`liq yangi darsliklar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, boshlang`ich sinflar uchun tayyorlangan darsliklarning ikkinchi qismi ham to`liq hajmda chop etiladi.
Yana bir muhim jihat – tasdiqlangan o`quv dasturlariga qo`shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi. Bu degani – endilikda, barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integrasiya qilinib tayyorlanadi.
Shuningdek, barcha fanlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik g`oyalari targ`ib qilinishi shart. Bu esa etuk insonlarni shakllantirishda alohida ahamiyatga ega.
02.09.2023 16:30
Yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etish hozirgi zamon talabiga mos ko`nikmalarni erta shakllantiradi






