Bunyodkor stadioni “stoyankasi”da turgan “Gentra”da yuzi skotch bilan o`ralgan jasad topilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Bosh prokuratura Matbuot xizmati “darakchi.uz”ga holat yuzasidan ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2023 yil 31 avgust kuni soat taxminan 18:00larda 1996 yilda tug`ilgan B.A. erkak yashash manzilidan o`z boshqaruvidagi qora rangli “Gentra” rusumli avtomashinasida chiqib ketib, bedarak yo`qolgan.
O`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Chilonzor tumani, Bunyodkor ko`chasidagi futbol sport maydoni hududida joylashgan avtoturargohda “Gentra” avtomashinasi ichida bedarak yo`qolgan erkakning murdasi bosh yuz qismi bir necha qatlam polietilen paket bilan o`ralgan holda topilgan.
Mazkur holatda erkakning murdasi shubhali holda aniqlanganligi va bir qator dastlabki tergov harakatlari o`tkazmasdan turib qonuniy to`xtamga kelish imkoni mavjud emasligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining
97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.






