Avvalroq, Toshkent shahri, Olmazor tumani "Chilg`uton" MFYda daraxtlar qasddan quritilayotganligi haqida xabar bergan edik.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi Olmazor tumani bo`limi davlat inspektorlari tomonidan murojaat o`rganildi.
O`rganish natijasida "Airport house builders" MChJga tegishli bo`lgan hududda jami 19 tup manzarali daraxtlarga qasddan quritish maqsadida zarar etkazilganligi aniqlandi.
Toshkent Botanika bog`i xulosasiga ko`ra, daraxtlar qurish holatiga kelib qolgan. Natijada Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli qarorining 4-ilovasiga asosan o`simlik dunyosiga 1 milliard 97 million 184 ming so`m zarar etkazilganligi ma`lum bo`ldi.
Tegishli hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko`rish maqsadida prokuratura organlariga yuborilgan.






