Avval xabar berganimiz, ayni paytda Samarqandda Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyasi bo`lib o`tmoqda. Konferensiyada ma`lum qilinishicha, so`ngi yillarda O`zbekiston va BMTning oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi agentligi (FAO), Yaponiyaning JAYKA, Koreyaning KOYKA, Evropa ittifoqining qishloq xo`jaligini qo`llab quvvatlash dasturi (ASK Facility), Germaniyanin xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo`lga qo`yildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Samarqand agroinnovasiyalar va tadqiqotlar instituti Xalqaro hamkorlik bo`limi boshlig`i Xusniddin Pardaev ana shunday xalqaro hamkorliklar ahamiyati haqida gapirdi.
Uning so`zlariga ko`ra, xalqaro hamkorlik orqali agrar va oziq-ovqat sohasida rivojlangan davlatlarning tajribalarini jalb etish imkoniyati kengaytirildi.
Birinchidan, oxirgi yillarda qishloq xo`jaligida o`tkazilayotgan islohotlarning normativ-huquqiy xujjatlarini tayyorlashda xalqaro, xususan Evropa ittifoqining qishloq xo`jaligini qo`llab quvvatlash dasturi (ASK Facility) ekspertlari bevosita ishtirok etmoqda.
Shuningdek, sohada sug`urtalash tizimi rivojlangan Turkiya va Ozarbayjon tajribasi asosida Qishloq xo`jaligi ishlab chiqaruvchilari xavflarini samarali sug`urtalash mexanizmlarini va moliyalashtirishning yangi usullarini joriy etish bo`yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanmoqda.
Bu esa, o`z navbatida ishlab chiqarilayotgan xujjatlarni xalqaro standartlar talabiga mos ravishda tayyorlanishiga yaqindan yordam bermoqda.
Ikkinchidan, Qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish, sohada qo`shilgan qiymat zanjirini yaratish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish, ularning turini kengaytirish va sifatini oshirish bo`yicha oldimizga qo`ygan maqsadlarimizga xorijiy investisiyalarni jalb etmasdan, xorijiy moliya institutlari va banklarining yordami va qo`llab-quvvatlashiga tayanmasdan turib erishib bo`lmasligini biz yaxshi anglaymiz.
Xalqaro qishloq xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti(FAO), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi kabi institutlar, shuningdek, xorijiy mamlakatlar hukumatlari agentliklarining shu borada ko`rsatayotgan yordami alohida e`tiborga loyiq.
Uchinchidan, Xalqaro tashkilotlar ishtirokida rivojlangan xorijiy davlatlarning nufuzli ITIlari bilan hamkorlik yo`lga qo`yilib, birgalikda qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xatto ayrimlarining filiallari ham tashkil etildi.
Jumladan:
Vengriya davlati bilan hamkorlikda Kartoshkachilik ilmiy markazi, Xitoy bilan hamkorlikda O`zbek-Xitoy qo`shma Sholichilik markazi tashkil etildi.
Shuningdek, Xitoy bilan 15 mln. doll. qiymatidagi Yanlin agroinnovasiya parkini tashkil etish bo`yicha jadal ishlar olib borilmoqda.
Buyuk Britaniya Xalqaro qishloq xo`jaligi universiteti hamda uning huzurida Buyuk Britaniya ta`lim tizimi asosida ixtisoslashgan Xalqaro maktab tashkil etildi.
Ummon Sultonligining Atyab International Services kompaniyasi ishtirokida Farg`ona shahrida Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti ochildi.
To`rtinchidan, Xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
a) Vengriya davlatining tajribasini joriy etish maqsadida “Bonofarm Group” LCC kompaniyasi bilan hamkorlikda parrandachilik klasterini tashkil etish;
Katar davlatining etakchi “Baladna” kompaniyasi bilan hamkorlikda Forish tumanida chorvachilik klasterini tashkil etish bo`yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
b) “Parrandasanoat” uyushmasi va Rossiyaning Parrandachilar milliy birlashmasi o`rtasida hamkorlik Bitimi imzolandi.
v) Rossiyaning «Nasionalnaya Rezervnaya Korporasiya» hamda O`zbekistonning «BMB Trade Group» kompaniyalari tomonidan qiymati 57,7 mln doll. bo`lgan zamonaviy Agrologistika markazi tashkil etilmoqda.
Loyihada muzlatgich (10 ming tn), sig`imi 50 ming tn meva-sabzavotlarni qayta ishlash, 270 ming tn saralash va qadoqlash, logistika xizmatlari (20 ta muzlatgich, 30 ta yuk mashinasi) va 20 ga zamonaviy issiqxona tashkil etish rejalashtirilgan.
g) Qishloq xo`jaligi vazirligi va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti o`rtasida Toshkent viloyatida issiqxona uskunalari ishlab chiqarish majmuasi, shuningdek, 5 ta viloyatda yuqori texnologiyali mini issiqxonalar qurish bo`yicha qiymati 14 mln. dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda.
2022 yil yanvar oyida O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti va Koreya oziq-ovqat, qishloq xo`jaligi, o`rmon va baliqchilik, targ`ibot va axborot xizmati agentligi o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi anglashuv Memorandumi imzolandi.
d) Germaniyaga 22 million dollarlik quritilgan meva-sabzavotlarni etkazib berish bo`yicha eksport shartnomasi tuzildi, em-ozuqa ekinlarini barqaror etishtirish bo`yicha 1 mln dollarlik grant loyihasi imzolandi.
e) Buyuk Britaniyaning Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq ishlari bo`yicha departamenti bilan qush turlarining bir kunlik jo`jalari, kurka, o`rdak, tuyaqush va inkubasiya tuxumlarini import qilish bo`yicha xalqaro veterinariya sertifikati loyihasi kelishildi.
Beshinchidan, yaqin qo`shni davlatlar bilan ham hamkorliklar kuchaytirilmoqda.
Masalan, 2022-2025 yillarda O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida agrosanoat sohasida investisiya loyihalarini amalga oshirish va savdo aylanmasini oshirishga qaratilgan “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Tojikiston Respublikasida o`zbek seleksiyasiga mansub mevali ko`chatlarni qo`llagan holda Tojikistonning Hisor tumanida “Do`stlik bog`i” mevali bog`ini tashkil etish kelishuviga erishildi. Bugungi kunda bog`ni tashkil etish bo`yicha yakuniy ishlar olib borilmoqda va 2023 yil oktyabr oyida bog` ochilishi rejalashtirilgan.
Rossiya Qishloq xo`jaligi vazirligi bilan qishloq xo`jaligi sohasida hamkorlik bo`yicha Bitim imzolandi. Ikki davlat Qishloq xo`jaligi vazirliklari o`rtasida 2022-2024 yillarga mo`ljallangan qishloq xo`jaligi sohasida hamkorlik bo`yicha “Yo`l xaritasi” imzolangan.
“Ushbu maqsadlarda O`zbekiston Respublikasi xalqaro tashkilot va rivojlangan davlatlar bilan qishloq xo`jaligining qator yo`nalishlarida, jumladan, suv resurslaridan samarali foydalanish, qurg`oqchilikka chidamli qishloq xo`jaligi, aniq dehqonchilik, barqaror ekinlar, sohaga etuk horijiy tajribalarni joriy etish va boshqa istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo`yicha hamkorlik olib bormoqda.
Bunday rejalardan ko`zlangan maqsad qishloq xo`jaligi mahsuldorligini oshirish, qishloq xo`jaligini mustahkamlash orqali oziq-ovqat importiga qaramlikni kamaytirish. Bu esa o`z navbatida mamlakatning iqtisodiy barqarorligini oshirishga va oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga yordam beradi”, deydi mutaxassis.