Xalqaro konferensiya davomida sessiyalarda muhokama qilingan masalalar bo`yicha Samarqand deklarasiyasi qabul qilindi.
- Pandemiya va global chaqiriqlar bizni eski yondashuvlarni qayta ko`rib chiqishga ruhlantirmoqda, fermerlar va agrobiznesni rag`batlantirish, shuningdek qishloq xo`jaligini yuritishning yangi uslublari naqadar muhimligini isbotlayapti, – dedi O`zbekiston qishloq xo`jaligi vaziri Aziz Voitov. – O`zbekistonda agrooziq-ovqat tarmog`ini qayta tashkil etish jarayoni kechmoqda. Biz qishloq xo`jaligining salohiyatini kuchaytirish va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash uchun jahonning etakchi olimlarini jalb etishni rejalashtirmoqdamiz. Jahoda yanada yuqori sifatli oziq-ovqat bilan yanada ko`proq insonlar qamrab olinishini ta`minlanish uchun yangi echimlar va innovasiyalarni talab qilmoqda. Mana shular konferensiya muhokamasida asosiy o`rinni egallamoqda va Samarqand deklarasiyasining asosini tashkil qiladi.
Samarqand deklarasiyasida ishtirokchi mamlakatlarning qishloq xo`jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo`llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan optimal foydalangan holda rivojlantirish, aholi, ayniqsa bolalar va o`smirlarning sog`lom ovqatlanishiga ko`maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish, ayollarning agrooziq-ovqat tizimlari transformasiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq joylaridagi ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat miqyosida kichik va oilaviy xo`jaliklarni qo`llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlari qayd etildi.
Anjuman davomida bir qator xalqaro tashkilotlar rahbari va xorijiy davlatlar vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazdi.
Ta`kidlash joizki, ushbu keng ko`lamli tadbirning aynan O`zbekistonda o`tkazilishi dunyo jamoatchiligining e`tibori yurtimizga, qadimiy Samarqandga yana bir bor qaratilishiga xizmat qiladi.
Konferensiya 8 sentyabr kuni o`z ishini davom ettiradi.






