AsosiyJamiyat

AQShda ”Vatandoshlar” konferensiyasi o`tkazildi

'AQShda ”Vatandoshlar” konferensiyasi o`tkazildi'ning rasmi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning Filadelfiya shahrida O`zbekistonni dunyoga tanitish va IT-autsorsing salohiyatini keng targ`ib qilish maqsadida AQShdagi vatandoshlar bilan ”Vatandoshlar“ konferensiyasini o`tkazdi.

Uchrashuvdan ko`zlangan asosiy maqsad O`zbekistonning IT imkoniyatlari va mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma`lumot berish, shuningdek, IT-autsorsing sohasida AQShning etakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan iborat. Uchrashuvda vazir mamlakatimizda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qo`shma loyihalar va IT-kompaniyalar uchun mavjud imtiyozlar haqida ma`lumot berdi.

Tadbirda ”RTS Carrier Services”, ”Cargo Prime Overseas”, ”Data Truck”, ”ETL Group”, ”Ideal Trans”,   ”SilkRoad Tranz“ va boshqa o`nlab kompaniyalar ishtirok etdi. Anjumanda jami 40 ta kompaniyadan 80 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Yig`ilishda IT sohadagi o`zgarishlar va potensial investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, ingliz tilini biladigan va IT sohasida dasturlash xizmatlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga qodir mutaxassislar sonini ko`paytirish hamda eksport hajmini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir Sherzod Shermatov mamlakatimizda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT-kompaniyalar erishayotgan muhim yutuqlar va mavjud imtiyozlar haqida ma`lumot berdi.

Uchrashuv so`ngida AQShda faoliyat yuritayotgan IT-kompaniyalar vakillari mamlakatimizda joriy etilgan soliq imtiyozlari, kadrlar taqchilligining oldini olish bo`yicha amalga oshirilayotgan dasturlar, mamlakatimiz bozorida IT-xizmatlarga bo`lgan ehtiyoj, masofaviy xizmat ko`rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida o`zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Shundan so`ng Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham O`zbekistonning IT-autsorsing sohasidagi salohiyatini ommalashtirish maqsadida AQShning IT-kompaniyalari vakillari bilan B2B formatida uchrashuvlar o`tkazdi.

    Boshqa yangiliklar