O`zbekiston ilm-fani va adabiyoti og`ir judolikka uchradi.
Filologiya fani sohasida atoqli olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yil 17 sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi.
N.Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tug`ildi. 1955 yilda O`rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy ta`lim muassasasining aspiranturasida tahsil oldi.
O`z mehnat faoliyatini 1958 yilda O`zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan zahmatkash va fidoyi olim ko`p yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va etakchi ilmiy xodim, bo`lim mudiri vazifalarida ishladi. 1962 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 2002 – 2008 yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg`armasi raisi hamda “Qatag`on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, 2008 yildan ushbu muzeyning etakchi ilmiy xodimi sifatida samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta`lim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo`shdi.
N.Karimov XX asr o`zbek adabiyotini o`rganish bo`yicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yo`nalishda o`ziga xos maktab yaratdi. Xususan, ma`rifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr o`zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga bag`ishlangan ko`plab monografiya va tadqiqotlari, ma`rifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va o`quv qo`llanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa bo`lib qo`shildi.
Ilm-fan sohasidagi ko`p yillik samarali xizmatlari uchun 2017 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.
Olimning mustabid tuzum yillarida qatag`on etilgan fidoyi ziyolilarimizning ibratli hayoti va faoliyatini har tomonlama o`rganish, ularning ilmiy-ma`rifiy merosini ommalashtirish borasidagi xizmatlari nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham e`tirof etilgan.
Serqirra olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini o`zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilish barobarida, tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham faol ishtirok etdi.
Uning bevosita rahbarligida ko`plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
Akademik N.Karimovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O`zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo`lgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Naim Karimovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov, A.Aripov,
B.Yo`ldoshev, S.Sayidov