Qorabog`ning Fuzuli tumanida 15 sentyabr kuni O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Mirzo Ulug`bek nomidagi 1-umumta`lim maktabida ilk qo`ng`iroq chalindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Qorabog` o`lkasida yangi o`quv yili boshlanishi munosabati bilan maktab jamoasi samimiy qutlandi. Qorabog`ning ishg`oldan ozod qilingan boshqa hududlarida bo`lgani kabi, bu mintaqaning serhosil go`shalaridan biri bo`lmish Fizulida ham hayot jonlanayotgani, bu kunlar Fizuli xalqining kelgusi farovonlik davrining boshlanishi ekani urg`ulandi.
Ochilish marosimidan so`ng maktabda birinchi qo`ng`iroq chalini, o`quvchilar shodu xurramlik bilan o`z sinflariga tarqalishdi.
Ma`lumot o`rnida, Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston xalqi nomidan sovg`a sifatida Fuzuliyda bunyod etilgan maktab 960 nafar o`quvchiga mo`ljallangan. O`tgan yili boshlangan qurilish ishlari yuqori sifatda amalga oshirilgan.
Maktab binosi uch gektar maydonda qurilgan bo`lib, ikki qavat va podvaldan iborat. Maktabda 40 ta o`quv xonasi, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional sinf, 500 o`rinli majlislar zali, sport zali, 320 o`rinli ovqatlanish xonasi va kutubxona mavjud. Maktab hududida futbol maydoni, dam olish va tadbirlar uchun maxsus joylar, yugurish yo`laklari, ayvoncha, nazorat punkti, qozonxona, suv inshootlari, elektr uzatish tarmog`i qurilgan. Yangi o`quv yilida maktabning 11 sinfida 160 nafar o`quvchi tahsil oladi, professor o`qituvchilar tarkibi 15 nafar o`qituvchidan iborat.