Avvalroq, Farg`onada PPX xodimi bola ko`targan ayolga qo`pol muomalada bo`lib, uni mashinaga o`tqazayotgani aks etgan video haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan viloyat IIB ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 18 sentyabr kuni Post-patrul xizmati xodimlari Farg`ona shahar I.Karimov hamda Quvasoy ko`chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan vaqtda videotasvirdagi ayol tilanchilik bilan shug`ullanayotganligi uchun u bilan profilaktik suhbat o`tkazish maqsadida ayoldan yo`lning qatnov qismidan chetga chiqishi so`ralgan. Bundan ayolning jahli chiqib, xodimlarga faol qarshilik ko`rsatgan. Ayolni IIBga olib ketmoqchi bo`lishganda qo`lidagi yosh bolasini erga tashlab yubormoqchi bo`lgan payt xodimlar tomonidan ushlab qolingan.
Ammo xodimning keyingi hatti-harakatlari jamoatchilikning haqli e`tiroziga sabab bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning o`zida xizmat tekshiruvi o`tkazilib, kasb odobi va etikasiga amal qilmay, noo`rin harakatlar sodir qilgan PPX xodimi egallab turgan lavozimidan bo`shatildi.
Shuningdek, viloyat IIB barcha shaxsiy tarkibi yuqoridagi kabi harakatlarni sodir etmasliklari yuzasidan qat`iy ogohlantirildi.