AsosiyJamiyat

Mirziyoev Nyu-Yorkda yirik kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi

'Mirziyoev Nyu-Yorkda yirik kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kecha, 18 sentyabr kuni Nyu-York shahriga tashrif doirasida “Cerberus” kompaniyasi vise-prezidenti Brayan Xuk bilan uchrashuv o`tkazdi.

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqilgan.

Aktivlari qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo`lgan global investisiya korporasiyasi kommunikasiyalar tarmog`i, foydali qazilmalarni qazib chiqarish, transport va energetika infratuzilmasini modernizasiya qilish loyihalariga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar yo`naltirishni rejalashtirgan.

Vise-prezident Brayan Xuk ilk hamkorlik loyihalari joriy yilning oxiriga qadar boshlanishini  ta`kidlagan.

Uchrashuv yakunida hamkorlik bo`yicha “yo`l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoev “GE HealthCare” kompaniyasining Evropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton bilan uchrashgan.

Uchrashuvda korporasiyaning O`zbekistonda qo`shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalari muhokama qilingan.

“Dunyoning industrial giganti bo`lgan “General Electric” korporasiyasi strategik sheriklik doirasida O`zbekiston korxonalari bilan investisiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, zamonaviy yuqori texnologik uskunalarni etkazib berish va ularni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish niyatida”, – deyiladi xabarda.

“GE HealthCare” kompaniyasi prezidenti Rob Uolton sog`liqni saqlash sohasida kardiograflar ishlab chiqarish, skrining va kardio axborot tizimi yo`lga qo`yilishini ta`kidlagan. Investor O`zbekistonda Milliy tibbiy ma`lumotlar arxivini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv yakunida qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi” ni qabul qilishga kelishib olingan.

Ma`lumot uchun, 1994 yilda “General Electric” tarkibida tashkil etilgan “GE HealthCare” bosh qarorgohi Chikagoda joylashgan tibbiy texnologiyalar sohasidagi transmilliy kompaniya. Korporasiya aktivlari qariyb 28 milliard dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Nyu-Yorkda “Oppenheimer” investisiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli bilan uchrashuv o`tkazgan.

Aktivlari qiymati 36 milliard dollar bo`lgan ushbu yirik investisiya bankining sarmoyasini jalb qilgan holda O`zbekistonda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko`rib chiqilgan.

Jon Tonelli O`zbekistonda sanoat quvvatlarini tashkil etish va modernizasiya qilish bo`yicha yirik loyihalarga xususiy investisiyalarni jalb qilish yuzasidan kelishuv erishilganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Birinchi bosqichda to`qimachilik klasterlari, qurilish materiallari sanoati korxonalarini rivojlantirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish mo`ljallangan.
Bundan tashqari, kichik va o`rta biznesni qo`llab-quvvatlashga investisiya yo`naltirish ko`zda tutilgan.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkda “CNH” kompaniyasi vise-prezidenti Stiv Naderni bilan uchrashgan.

Aktivlari qiymati qariyb 50 milliard dollar bo`lgan “CNH” transmilliy kompaniyasi qishloq xo`jaligi mashinasozligida O`zbekistonning strategik hamkoridir. Mashhur “Case” va “New Holland” brendlari ostida yo`l qurish va qishloq xo`jaligi texnikasini ishlab chiqaradi.

Vise-prezident Stiv Naderni kompaniyaning tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizasiya qilish, kombayn va paxta yig`ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish, shu jumladan yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga to`g`ridan-to`g`ri moliyaviy resurslar ajratish rejalarini bayon qilgan.

Prezident kompaniyaning O`zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo`llab-quvvatlagan.

Shu bilan bir qatorda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Cintana” kompaniyasi rahbari Duglas Bekker bilan uchrashuv o`tkazgan.

Ushbu kompaniya Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo`lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi, universitetlarda ta`lim sifatini oshirish bilan shug`ullanadi.

“Cintana” asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda O`zbekistonda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.

2024 yildan boshlab sog`liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo`nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar