AsosiyJamiyat

"Noto`g`ri talqin qilinmoqda" — Bosh vazir matbuot kotibi

'"Noto`g`ri talqin qilinmoqda" — Bosh vazir matbuot kotibi'ning rasmi

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning O`zbekistonda maktab qurib berish taklifi internetda noto`g`ri talqin qilinmoqda. O`zbekiston bosh vaziri matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov shunday dedi.

18 sentyabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O`zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo`shma komissiya yig`ilishida Rossiya o`zbek tomoni manfaatdor bo`lsa, O`zbekistonda Rossiya dasturlari bo`yicha rus tilida ta`lim beriladigan bir nechta maktablar qurishga tayyorligini ma`lum qilgan edi.

Bunga javoban O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov: "Rus tilidagi maktablar qurish bo`yicha takliflarni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz", — dedi.

O`zbekiston jamoatchiligi bu taklifga iliq qarshi olgani yo`q. Xususan, ta`lim eksperti Komil Jalilov O`zbekistonning "Ta`lim to`g`risida"gi qonuniga ko`ra, O`zbekistondagi ta`lim tashkilotlarida O`zbekiston davlat ta`lim standartlarini va (yoki) davlat ta`lim talablarini bajarish majburiy ekanini qayd etdi. Rossiya o`quv dasturlariga Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini oqlovchi darslar va mavzular kiritilgan, umuman, maktab ta`limi propagandaning bir qismiga aylangan.

"Davlatlar o`rtasidagi o`zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o`xshash ijtimoiy obektlar qurish an`anasi jahon tajribasida mavjud. Bu o`zaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi. Xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan maktablarning ta`lim dasturlari dastlab soha mutaxasissislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an`analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta`lim standartlarimiz nuqtai nazaridan chuqur o`rganib chiqiladi", — deya qayd etdi matbuot kotibi.

U ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asoslanmagan ma`lumotlarni tarqatmasliklarini so`radi.

    Boshqa yangiliklar