AsosiyDunyo

Qorabog`da bir nechta mina portladi

'Qorabog`da bir nechta mina portladi'ning rasmi

Bugun, 19 sentyabrga o`tar kechasi Qorabog`da noqonuniy qurolli guruhlar a`zolari tomonidan o`rnatilgan mina portladi. Hodisa natijasida bir necha ozarbayjonliklar halok bo`ldi. Bu haqda Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

“Xo`javand tumani hududidan o`tuvchi Ahmadbeyli-Fuzuliy-Shusha yo`lining 58-kilometrida Armaniston Qurolli kuchlarining qo`poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o`rnatilgan tankga qarshi mina tomonidan avtomobil yo`llari davlat agentligi (“Azeravtoyo`l”) yuk mashinasi portlatib yuborildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida “Azeravtoyo`l” agentligining ikki xodimi –Samir Sodixov (1970 yilda tug`ilgan) va Farhod Guliev (1965 yilda tug`ilgan) halok bo`lgan. 

Shundan so`ng, Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi xodimlari “KamAZ” avtomashinasida voqea joyiga yo`l olgan. Biroq ular Xo`javand tumani hududidan o`tayotganda Tagavard qishlog`ida yangi qurilgan tunnelda arman diversant guruhi tomonidan o`rnatilgan mina portlagan. Oqibatda Ichki ishlar vazirligi xodimlari Asim Jamolzoda (1994 yilda tug`ilgan), Ramil Shirinov (1987 yilda tug`ilgan), Seymur Mahmudov (1991 yilda tug`ilgan) va Xazar Zamanov (1998 yilda tug`ilgan) halok bo`lgan. Yana besh kishi jarohat olib, shifoxonaga etkazilgan.

Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati Bosh tergov boshqarmasida mazkur holatlar bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Bundan tashqari, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston tomonidan mamlakat hududlarining navbatdagi o`qqa tutilishi haqida xabar bergan.

“Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududida noqonuniy arman qurolli guruhlari a`zolari Ozarbayjon armiyasining Ag`dam yo`nalishidagi pozisiyalarini o`qqa tutdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Aniqlik kiritilishicha, Ozarbayjon armiyasi bo`linmalari ko`rsatilgan yo`nalish bo`yicha javob choralarini ko`rgan.

Shunndan so`ng, Mudofaa vazirligi rasmiy xabar e`lon qildi. Unga ko`ra, Ozarbayjon Qorabog`da “aksilterror operasiyasi”ni boshladi.

“Uch tomonlama bayonot qoidalarini ta`minlash, Qorabog` iqtisodiy hududida keng ko`lamli provokasiyalarga barham berish, qurolsizlantirish va Armaniston qurolli kuchlari qo`shinlarini hududlarimizdan olib chiqib ketish maqsadida mintaqada mahalliy antiterror choralari ko`rildi”, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar