AsosiyJamiyat

2050 yilgacha dunyoda yuqori qon bosimi oqibatida kelib chiqadigan 76 million o`lim holatining oldini olish mumkin

'2050 yilgacha dunyoda yuqori qon bosimi oqibatida kelib chiqadigan 76 million o`lim holatining oldini olish mumkin'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ilk bor yuqori qon bosimining insoniyat salomatligiga salbiy ta`siri ko`lami va buning oldini olishga doir tavsiyalarni o`z ichiga olgan hisobotini e`lon qildi. 

 Qayd etilishicha, hozir dunyo bo`yicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa insult, infarkt, yurak va buyrak etishmovchiligi kabi hayot uchun xavfli kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligiMatbuot xizmati xabar bermoqda.

 1990 yildan 2019 yilgacha Er yuzida yuqori qon bosimi xastaligi bor bemorlar soni ikki baravar ko`payib, 650 milliondan 1,3 milliard nafarga etdi.

 Biroq  dunyoda gipertoniya bilan og`rigan insonlarning deyarli yarmi hali o`z kasalligidan xabardor emas, to`rtdan uch qismi past va o`rta daromadli mamlakatlarda yashaydi.

 Shuningdek, bunday bemorlarning har besh nafardan to`rt nafari zarur muolajalarni olmaydi.

 Vaholanki, bu xastalikni davolash bo`yicha tibbiy yordam sifati va ko`lamini oshirish orqali 2023 — 2050 yillar oralig`ida 76 million o`lim, 120 million insult, 79 million infarkt va 17 million yurak etishmovchiligi holatlarining oldini olish mumkin.

 Tahlillarga ko`ra, yuqori qon bosimi xavfi yosh va irsiy omillar tufayli ortishi kuzatiladi. Qolaversa, me`yordan ko`p tuz iste`moli, kam harakatlik, ichkilikbozlik, kashandalik, noto`g`ri ovqatlanish kabi salbiy odatlar ham gipertoniyaning rivojlanishiga olib keladi.

 Shu sababli bu xastalikning oldini olish, uni erta aniqlash va samarali davolash mamlakatlar sog`liqni saqlash tuzilmalari uchun ustuvor maqsadga aylanishi shart. 

Aslida esa bu xavfli dardni arzon, xavfsiz va ommabop dori-darmonlar, shuningdek, tuz iste`molini kamaytirish kabi boshqa usullar yordamida bartaraf etish mumkin.

 JSST buning uchun amaliy davolash protokollarini soddalashtirish, dori vositalari va tibbiy buyumlar ta`minotini yaxshilash zarur, degan xulosada.

    Boshqa yangiliklar