AsosiyJamiyat

O`zbekistonda IMEI-kodlarini klonlash uchun javobgarlik belgilandi

'O`zbekistonda IMEI-kodlarini klonlash uchun javobgarlik belgilandi'ning rasmi

Kecha, 19 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so`nggi yillarda ayrim huquqbuzarlar tomonidan xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga kam haq evaziga o`zgalarning IMEI-kodlarini ko`chirib berish holatlari ko`payib bormoqda. Bu esa fuqarolarning huquqlariga zarar etkazib, mobil telefon o`g`irligi, shuningdek, mobil telefonlarni qo`lga kiritish maqsadida bosqinchilik, talonchilik va boshqa og`ir turdagi ayrim jinoyatlar sonining oshishiga hamda ularning aksariyati fosh etilmasdan qolishiga sabab bo`lyapti.

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining shu yil 5 sentyabr kuni bo`lib o`tgan majlisida deputatlar tomonidan qizg`in muhokama qilinib, konseptual jihatdan qabul qilingan edi. Loyihani ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonida mas`ul qo`mita tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda seminarlar, davra suhbatlari o`tkazilgan. Ularda deputatlar, ekspertlar, huquqshunoslar tomonidan berilgan barcha takliflar, fikr-mulohazalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati loyiha matnida aks ettirilgan holda qonun loyihasi maromiga etkazilgan.

Deputatlarga ko`ra, qonun loyihasining qabul qilinishi axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan yangi turdagi jinoyatlarning oldini olishga, javobgarlikning muqarrarligini va fuqarolar xavfsizligi ta`minlanishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan.

    Boshqa yangiliklar