Joriy yilning 10–25 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo`lib o`tayotgan YuNESKO Umumjahon merosi qo`mitasining 45-kengaytirilgan yig`ilishida O`zbekiston uchun yana bir tarixiy muhim voqea sodir bo`ldi. O`zbekiston ishtirokidagi "Mo`tadil mintaqadagi Turon cho`llari" transchegaraviy tabiat obekti YuNESKOning Umumjahon tabiiy merosi obektlari ro`yxatiga kiritildi.
Ma`lumot uchun, Transnominasiya dosesi loyihasini ishlab chiqish 2020 yil boshida Markaziy Osiyo cho`l tashabbusi (Central Asian Desert Initiative - CADI) loyihasi doirasida Ekologiya vazirligi ko`magida O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Greifsvald universiteti (Germaniya), Maykl Sukkov jamg`armasi (Germaniya), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda boshlangan edi.
“Bu ekotizim o`zining noyobligiga qaramay, haligacha YuNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro`yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominasiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo`ldi”, — dedi O`zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Ta`kidlash joizki, bu obektni YuNESKO ro`yxatiga qo`shish masalasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi PQ-171-sonli "Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori 10-ilova 17-bandida ko`zda tutilgan.
Qozog`iston va Turkmaniston Respublikalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning mamlakatimizga tegishli qismi O`zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tomonidan tayyorlangan.
Qayd etish kerakki, O`zbekiston tomonidan YuNESKO maslahatlashuv organi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan o`rnatilgan yaqin hamkorlik, shuningdek, Umumjahon merosi qo`mitasi a`zolari (21 davlat) bilan olib borilgan keng ko`lamli targ`ibot-tashviqot va siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar natijasida ijobiy qaror qabul qilindi.
"Mo`tadil mintaqadagi Turon cho`llari" Umumjahon tabiiy merosi obektlari ro`yxatiga kiritilgan O`zbekistonning qatnashgan ikkinchi obekt hisoblanadi. 2016 yilda O`zbekiston, Qozog`iston va Qirg`iziston ishtirokidagi "G`arbiy Tyan-Shan" obekti ushbu ro`yxatdan o`rin olgan.
E`tiborli jihati shundaki, yangi obekt UNESCO ro`yxatidagi mo`tadil cho`llar toifasiga kiradigan birinchi obekt hisoblanadi. Hududning o`zbekistonga doir qismi Orolbo`yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.
"Mo`tadil mintaqadagi Turon cho`llari"ning YuNESKO ro`yxatiga kiritilishi hududning 1972 yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to`g`risidagi konvensiyasi muhofazasida bo`lishini taqozo etadi. Bundan tashqari, obektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish bo`yicha ilg`or xalqaro tajribani o`rganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo`l ochadi.