Tahlilchi Melik Kaylan "Forbes"da e`lon qilingan maqolasida AQSh prezidenti Jo Baydenning yangi geostrategik tashabbusini tahlil qilib, bu jarayonda O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning roliga alohida e`tibor qaratdi:
Prezident Bayden BMT Bosh Assambleyasi maydonlarida bo`lib o`tayotgan AQSh–Markaziy Osiyo (S5+1) sammitida Markaziy Osiyo davlatlari etakchilari bilan uchrashar ekan, global geostrategik munosabatlarga faol ravishda kirishib ketdi.
Sammitda beshta mamlakat: O`zbekiston, Qozog`iston, Turkmaniston, Qirg`iziston va Tojikistonning prezidentlari qatnashmoqda. Asosiy maqsad – tezkorlik bilan tijorat, xavfsizlik va investisiya sohasida aniq bitimlar tuzish.
Kaylanning qayd etishicha, Mirziyoev mintaqada biznesni, chegaralarni va savdo-sotiqni ochib yubordi, shu tariqa Markaziy Osiyo mamlakatlarining o`zaro integrasiyasi jadallashuviga kuchli turtki berdi.
O`zbekiston Mirziyoev rahbarligida sharq va g`arbni, shimol va janubni bog`lovchi yirik transport xabiga aylanishga intilmoqda.
Muallif AQSh tomonidan 1974 yilda qabul qilingan Jekson-Venik tuzatishlari to`g`risida ham eslab o`tgan. Ushbu cheklovlarning bekor qilinishi AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi savdo munosabatlarining normallashuviga xizmat qiladi, deydi tahlilchi.
O`zbekiston kuchli oltin eksporti hisobiga COVID-19 pandemiyasi davrida rivojlanishdan to`xtamagan kam sonli iqtisodiyotlardan biri bo`ldi, deb yozadi Kaylan.
O`zbekiston JSTga a`zo bo`lish yo`lida muzokaralar olib borayotganini ta`kidlar ekan, muallif AQShni ushbu jarayonni faollashtirishga chaqirdi. Shuningdek, u 1974 yilgi Jekson-Venik tuzatishlariga e`tibor qaratib, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi savdo munosabatlarini normallashtirish uchun uni bekor qilish zarurligini ko`rsatib o`tgan.
Kaylanning fikriga ko`ra, Baydenning yangi tashabbusi Hindiston, Saudiya Arabistoni va Evropa o`rtasida savdo yo`lagini ochishga qaratilgan. Bu esa AQShning global geostrategik kurash maydoniga qaytish yo`lidagi qadamidir. Ushbu tashabbus muvaffaqiyat keltiradimi-yo`qmi, bu ko`p jihatdan O`zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan strategik hamkorlik aloqalariga bog`liq.