Xabaringiz bor, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi boshlandi. Birinchi kundanoq notiqlar soni ko`p bo`lishiga qaramay, asosiy e`tibor Ukrainadagi urush masalasiga qaratildi. Ayniqsa, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning nutqi muhokamalarga sabab bo`ldi. Bu haqda Zamon.uz xabar bermoqda.
Zelenskiy: “Rossiya yadro quroliga egalik qilishga haqsiz”
“Hozirgi urushdan maqsad – bizning mamlakatimiz, xalqimiz, bizning hayotimizga chek qo`yishdir. Shuningdek bu sizga qarshi, dunyodagi qoidalarga asoslangan tinchlikka qarshi quroldir”, – dedi Zelenskiy dunyo etakchilariga qarata.
Zelenskiy Rossiya butun dunyoni urushga tortishga urinayotgani, Ukraina esa o`z g`alabasi bilan hech kimning boshqa xalqqa hujum qilish imkoni yo`qligini ko`rsatmoqchi ekanini aytdi. Shuningdek, u har qanday harbiy jinoyat jazolanishi, deport qilinganlar o`z uyiga qaytishi kerakligini ham eslatib o`tdi.
Ukraina prezidenti Rossiya yadro quroliga egalik qilish huquqiga ega emasligini ta`kidladi.
“Ukraina kattaligi bo`yicha o`zining uchinchi yadro arsenalini berganda butun dunyo bu kuch Rossiyada saqlanishi kerak, deb qaror qilgan edi. Ammo keyingi tarix aynan Rossiya 1990 yillardayoq qurolsizlantirilishi kerakligini ko`rsatdi. Hozir esa u yadro quroliga egalik qilish huquqiga umuman ega emas”, – dedi Zelenskiy.
Bayden: “Faqat Rossiya tinchlikka to`sqinlik qilmoqda”
Zelenskiydan avval nutq so`zlagan AQSh prezidenti Jo Bayden ham faqat Rossiya tinchlik yo`lini to`sib turganini ta`kidladi. U bunday inqirozli davrda Amerika zimmasiga qanday mas`uliyatni olishi kerakligini tushunishini aytib, BMT a`zolarini Rossiya agressiyasiga qarshi turishga chaqirdi.
Bayden BMT uchrashuvi Rossiya tufayli ketma-ket ikkinchi marta urush mavzusiga bag`ishlagayotganiga ham diqqat qaratdi.
“Rossiya dunyo holdan toyib, unga Ukrainada hech bir oqibatlarsiz vahshiylik qilishga qo`yib beradi, deb umid qilmoqda. Ammo sizdan shuni so`rayman: agar biz agressorni tinchlantirish uchun BMT xartiyasining asosiy tamoyillaridan voz kechsak, tashkilotning biror a`zosi o`zining himoyalanganiga ishonch bildira oladimi? Agar biz Ukraina parchalanishiga yo`l qo`yib bersak, istalgan davlat mustaqilligi kafolati haqida gapirishga haqqimiz qoladimi? Albatta yo`q! Shuning uchun ham Qo`shma Shtatlar o`z ittifoqdoshlari va hamkorlari bilan birgalikda Ukrainaning o`z ozodligi, suverenligi va hududiy yaxlitligini himoya qilayotgan jasur xalqi bilan elkadosh bo`ladi”, – dedi Bayden.
Ekspertlar Baydenning nutqida Ukrainaga bag`ishlangan qismi kutilganidan kam bo`lganini aytmoqda. Ammo uning so`zlari BMT minbaridan qat`iy va ishonch bilan yangradi. Ukrainaga yordam berish davom etishini va`da qilar ekan, AQSh prezidenti muholif respublikachilarni bu milliardlar havoga sovurilmayotganiga ishontirishi lozimligini ham qo`shib ketdi.
Guterrish: “Ukrainadagi urush – uzoq davom etayotgan dahshat”
BMT bosh kotibi Antoniu Guerrish ham o`z chiqishida Baydenni qo`llab-quvvatlashini bildirdi. U Ukrainada hamon davom etayotgan urushni “tugamayotgan dahshat” deb atadi.
Guterrishning so`zlariga ko`ra, Rossiya boshlagan urush insonlar hayotini buzib, oilalarni parchalamoqda, bolalarning orzularini yo`qqa chiqarib, ularga ruhiy azob bermoqda.
Guterrish hissiyotga to`la so`zlardan tashqari butun dunyo Ukraina qishloq xo`jaligi hamda Rossiya o`g`iti oziq-ovqat xavfsizligi va jahon bozoridagi barqarorlikni ta`minlash uchun ahamiyatli ekanini ham gapirdi.
“Biz tinchlik uchun kurashni kamaytirmasligimiz kerak. Hatto urush ketayotgan bo`lsada, Ukraina va undan tashqaridagi fuqarolarning aziyatlarini engillashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish kerak”, – dedi u.
Guterrish shunday imkoniyatlaridan biri Qora dengiz don tashabbusi bo`lganini eslatdi.
BMT bosh assambleyasi raisi Dennis Frensis ham Ukraina mavzusida gapira turib “Barchamiz bu urush tugashini istaymiz”, deya ta`kidladi. U Ukraina va dunyoning boshqa qismlarida BMT ustaviga va xalqaro huquqqa mos keluvchi barqaror tinchlik zarurligini aytdi.
Duda: “Rossiya hujumi nasistlar Germaniyasi hujumi bilan teng”
Polsha prezidenti Andjey Duda Bosh assambleyada nutq so`zlay turib Rossiyaning Ukrainaga hujumini 1939 yilda nasistlar Germaniyasining Polshaga hujumiga tenglashtirdi.
Uning so`zlariga ko`ra, o`shanda ham, hozir ham boshqalar ustidan hukmronlik qilish orzusi bo`lgan. “Ammo u kunlar o`tib ketgan va hech qachon qaytmaydi!” – dedi Duda qat`iyat bilan.
Stoltenberg: “Ukraina jasorati dunyoni lol qoldirdi”
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg esa BBC’ga bergan intervyusida xalqaro hamjamiyat Rossiya agressiyasini tanqid qilishda davom etishi va Ukrainaga yordamni to`xtatmasligi o`ta muhimligini ta`kidladi.
“Ukraina xalqining jasorati butun dunyoni lol qoldirdi. Agar biz Ukraina taraf bo`lmaganimizda, hech bir davlat xavfsizlikda bo`lmas edi”, – dedi Stoltenberg.
Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Ukrainadagi urushni muloqot yo`li bilan to`xtatish kerakligini aytdi. Uning fikricha, urush “BMT Ustavi maqsad va prinsiplarini jamoaviy ta`minlay olmaslikni” ko`rsatib qo`yganini aytdi.
“Hech bir echim, agar u muloqotga asoslanmagan bo`lsa, doimiy bo`lmaydi”, – dedi u.
Qozog`iston prezidenti Qosim-Jo`mard Toqaev ham o`z nutqida Ukrainadagi urush mavzusiga to`xtalib o`tdi.
“Barcha urinishlarga qaramay, dunyoning turli hududlarida mojarolar davom etmoqda. Biz taraflarni mojaroga diplomatik echim topishga chaqiramiz”, – dedi Toqaev.
BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkda 19 sentyabr kuni boshlangan 78-sessiyasi 23 sentyabrga qadar davom etadi.