Kuni kecha Namangan viloyati Chust tumanida bolalar ommaviy ravishda kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edik. Sog`liqni saqlash vazirligi holat bo`yicha qo`shimcha izoh berdi.
Unga ko`ra, Namangan viloyatining Chust tumanida maktabgacha ta`lim tashkilotidagi bolalar bilan sodir bo`lgan zaharlanish holati yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi barcha kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasiga qabul qilingan bolalarning barchasiga belgilangan standartlar bo`yicha davo muolajalari olib borilmoqda.
Ularga yakuniy tashxis qo`yish maqsadida belgilangan talablar asosida namunalar olinib, ekspertizadan o`tkazilmoqda.
Ayni paytda bolalarning holati qoniqarli, ulardan 10 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berildi.
Tumanda sodir bo`lgan ushbu holat shaxsan Sog`liqni saqlash vaziri tomonidan qat`iy nazoratga olingan.
Mazkur holat sabablariga oydinlik kiritilgach, qo`shimcha axborot beriladi.