So`nggi kunlarda Rossiya va Ukraina o`rtasidagi harbiy harakatlar hamda ushbu davlatlar hududlarida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari bilan bog`liq turli xabarlar tarqalmoqda. Shu bois Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiya va Ukrainadagi o`zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi.
"Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o`rtasidagi ziddiyatli hududlarga ishlash maqsadida bormaslikni, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so`raymiz", deyiladi agentlik bayonotida.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154 prim 1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o`xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko`zda tutilgan.