AsosiyJamiyat

1 oktyabrdan boshlab O`zbekiston qonunchiligida nimalar o`zgaradi?

'1 oktyabrdan boshlab O`zbekiston qonunchiligida nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o`zgarishlar sharhi e`lon qilindi.

Kichik biznesni qo`llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi

Tadbirkorlar «Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash» kompleks dasturida ishtirok etishlari mumkin bo`ladi. Biznesni rivojlantirish banki   dasturni amalga oshirish va takomillashtirib borish bo`yicha asosiy tayanch bank etib belgilanmoqda.

2023-2026 yillarda Dasturni amalga oshirish uchun:

  • davlat mablag`lari hisobidan – 6 mlrd so`m;
  • xalqaro moliya institutlari mablag`lari hisobidan – $1,2 mlrd yo`naltiriladi.

Elektr ta`minoti va gaz uchun tariflar o`zgarmoqda 

Yoqilg`i-energetika resurslariga yangi tariflar belgilanmoqda. Shu bilan birga, joriy kuz-qish mavsumida issiqlik ta`minoti xizmatlari bo`yicha aholi uchun narxlar oshirilmaydi.

Oltita hududda kadastr muhandisi instituti joriy etiladi 

Ko`chmas mulk bo`yicha kadastr muhandisi instituti uy-joy fondiga oid ko`chmas mulk ob`ektlariga nisbatan Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Farg`ona va Xorazm viloyatlarida joriy etiladi.

Davlat suv omborlari ijaraga beriladi 

Quyidagilar tadbirkorlik sub`ektlariga «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi:

  • davlatga tegishli tabiiy va sun`iy suv havzalari;
  • suv omborlari hamda daryo atrofidagi qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er uchastkalari.

Ziyoratchilarga xizmat ko`rsatuvchi turoperatorlar xizmati baholanadi 

«Umra» xizmatlarini ko`rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Poytaxtdagi DXSh loyihalari uchun alohida qoidalar

Davlat idoralarining munisipal mulki haqidagi ma`lumotlar «Raqamli Toshkent» dasturiga kiritiladi.

Poytaxtda ayrim ob`ektlar (to`liq ro`yxat – shu erda) negizida «Toshkent invest kompaniyasi» AJ  tomonidan qiymati 1 mln AQSh dollarigacha bo`lgan DXSh loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Ijtimoiy xizmatlar bo`yicha murojaatlar -  yagona tizim orqali

«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi  Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o`tkaziladi.

Aholiga ko`rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan, kam ta`minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo`yicha arizalar mazkur axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

IT-sohasini qo`shimcha qo`llab-quvvatlash choralari

Tadbirkorlik sub`ektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operasiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi. 

V2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo`lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma`lumotlar bazasi va «bulutli» platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta`minlash va boshqa talab yuqori bo`lgan yo`nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 % qismini qoplash tizimi joriy etiladi.

Loyiha hujjatlarini ekspertiza qilish sohasi  mutaxassislari sertifikatlanadi

Seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi bino va inshootlar buyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo`nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

Gaz harakati ustidan nazorat kuchaytiriladi

O`zbekiston hududidan tabiiy gazni quvurlar orqali tashish (tranzit) xizmatlarini ko`rsatuvchi korxonalar tomonidan tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xroma tograf hamda elektron hisoblagichlar o`rnatilishi va soliq organlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilinishi majburiy hisoblanadi.

Korporativ munosabatlar sohasi takomillashtiriladi

Qimmatli qog`ozlar fond birjasining listingiga kiritilgan xo`jalik jamiyatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor etiladigan axborot va hisobotlar bilan bir qatorda pul mablag`larining harakati hamda aksiyalar chiqarishning bir qismi bekor qilinganligi to`g`risidagi ma`lumotlarni oshkor etadi.

Qimmatli qog`ozlar fond birjasining listingiga kiritilmagan xo`jalik jamiyatlari ro`yxati qimmatli qog`ozlar bozorini tartibga solish bo`yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan muhim faktlarni majburiy tartibda oshkor etmaydi, bundan tijorat banklari, sug`urta tashkilotlari va ustav fondida davlat ulushi 50 % va undan yuqori bo`lgan AJ, shuningdek ularning tarkibidagi AJlar mustasno.

Ish beruvchilar BHMning 3 baravari miqdorida subsidiya olishlari mumkin

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, davlat ulushi 50 % va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslardan tashqari) BHMning 3 baravari miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Davlat xizmatlari joylarga chiqqan holda amalga oshiriladi

Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko`rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida – BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda – BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to`lov undiriladi.  

Raqobatni rivojlantirish sohasida yangi qoidalar

Eksklyuziv huquqlar berilgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning reestri (ro`yxati) joriy etiladi va ushbu reestrni yuritish hamda xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan kamsitmaslik shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat Raqobat qo`mitasiga yuklatiladi.

Raqobat qo`mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizasiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta`sir ko`rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo`lgan sub`ektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste`mol qilishni taqiqlaydi.

10 mln so`mdan yuqori moliyaviy sanksiyalar – sud orqali

Tadbirkorlik sub`ektlariga miqdori 10 mln so`mdan yuqori bo`lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik sub`ekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo`llash amaliyoti yo`lga qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar